Water Code

135-modda. Ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti yer usti va yer osti manbalarining, ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimlari inshootlarining sanitariya muhofazasi zonasida xo'jalik faoliyatini amalga oshirish rejimi

Ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimlari inshootlari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida quyidagilar taqiqlanadi: qurilish, bundan ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimi inshootlarini qurish mustasno; turar joy va jamoat binolarini joylashtirish, odamlarning, shu jumladan ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimida ishlovchilarning yashashi; turli maqsadlar uchun mo'ljallangan quvurlar o'tkazish, bundan ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimi inshootlariga xizmat ko'rsatuvchi quvurlar mustasno; oqova suvlarni yer usti suv manbalariga oqizish, cho'milish, chorva mollarini sug'orish va boqish, baliq ovlash, zaharli kimyoviy vositalarni, pestitsidlarni, gerbitsidlarni, mineral va organik o'g'itlarni qo'llash, saqlash va ko'mish, transport vositalarini yuvish. Ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimlari inshootlari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida: oqova suvlarni tozalash inshootlari birinchi mintaqadan tashqarida joylashtirilgan holda, barcha binolar suvni chiqarib tashlashning eng yaqin tizimiga ulangan bo'lishi kerak, oqova suvlarini chiqarib yuborish mavjud bo'lmagan taqdirda, axlatlarni chiqarib tashlashga doir sanitariya talablari hisobga olingan holda suv o'tmaydigan, axlat tushadigan o'ralar barpo etilishi kerak; yer usti suv oqimining birinchi mintaqadan tashqariga chiqarilishi ta'minlanishi kerak; o'rmonni sanitariya jihatidan kesishga va uni parvarish qilishga yo'l qo'yiladi. Ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining ikkinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimlari inshootlarining sanitariya-himoya mintaqasi doirasida quyidagilar taqiqlanadi: hududni maishiy chiqindilar, go'ng, sanoat va qurilish chiqindilari, maishiy oqovalar va boshqalar bilan ifloslantirish; zaharli kimyoviy moddalarning va mineral o'g'itlarning, yonilg'i-moylash materiallarining omborlarini, to'plagichlarni, shlam saqlanadigan joylarni hamda ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti manbalarining kimyoviy ifloslanishini yuzaga keltiruvchi boshqa ob'yektlarni joylashtirish; hayvonlar, parrandalar va baliqlar ko'miladigan joylarni, dafn etish joylarini, assenizatsiya va filtrlash dalalarini, sug'oriladigan yer uchastkalarini, go'ngxonalarni, silos saqlanadigan chuqurlarni, chorvachilik va parrandachilik tashkilotlarini, ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti manbalarining mikroblar bilan ifloslanishini yuzaga keltiruvchi boshqa ob'yektlarni tashkil etish; bevosita toshqin xavfi bo'lgan davrda muzlagan yoki qor bilan qoplangan tuproqqa o'g'itlar solish va o'g'itlarni aviatsiya yordamida tuproqqa sepishda ularning sochilib ketishiga yo'l qo'yish; qum va shag'al qazib olish, shuningdek o'zan tubini chuqurlashtirish ishlarini olib borish; sanitariya muhofazasi zonalari birinchi mintaqasining tashqi chegarasidan 500 metrgacha bo'lgan masofada chorva mollarini boqish, shuningdek parrandalar va baliqlarni saqlash. Ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining uchinchi mintaqasi hududida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasining organlari bilan kelishuvga ko'ra, amaldagi sanitariya normalariga va tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya etilgan holda, xo'jalik faoliyatining va boshqa faoliyatning yuritilishiga ruxsat beriladi. Ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimlarining sanitariya-himoya mintaqalari zonalarida hojatxonalar, yuvundi o'ralar, go'ngxonalar, axlatxonalar hamda tuproqning va yer osti sizot suvlarining ifloslanishiga sharoitlar yaratadigan boshqa inshootlar bo'lmasligi kerak. Chiqindixonalar, assenizatsiya va filtrlash dalalari, dafn etish joylari hududida ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimlarini qurish, hayvonlar ko'miladigan joylarni (hayvonlar, parrandalar va baliqlarni ko'mish joylarini) tashkil etish taqiqlanadi. Mineral suvlar manbalarining, shifobaxsh balchiqlar konlarining, mineral ko'llarning sanitariya-muhofaza zonalari doirasida tuproq, suv, havoni ifloslantiruvchi, o'rmonlarga va boshqa dov-daraxtlarga zarar yetkazuvchi, eroziya jarayonlarining rivojlanishiga olib keluvchi hamda suvning tabiiy davolash xususiyatlariga va hududning sanitariya holatiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi har qanday ishlarni olib borish taqiqlanadi. Sanitariya muhofazasi zonalarida tabiiy davolash vositalarining zarur darajadagi sanitariya holatini ta'minlovchi, shuningdek davolanish va dam olish uchun qulay sharoitlar yaratuvchi sanitariya-sog'lomlashtirish tadbirlari hamda boshqa tadbirlar o'tkaziladi. Qat'iy rejimli sanitariya muhofazasi zonasi hududida quyidagilar taqiqlanadi: fuqarolarning tabiiy davolash vositalaridan foydalanish bilan bevosita bog'liq bo'lmagan holda doimiy yoki vaqtincha yashashi; binolar va inshootlar qurish, konchilik va tuproq ishlarini amalga oshirish; manbaning tabiiy davolash xususiyatlariga va hududning sanitariya holatiga zararli ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan boshqa harakatlar. Cheklangan rejimli sanitariya muhofazasi zonasi hududida quyidagilar taqiqlanadi: aholining davolanishi va dam olishi bilan bog'liq bo'lmagan binolar va inshootlar qurish; kurortning rivojlanishi va obodonlashtirilishi bilan bevosita bog'liq bo'lmagan konchilik va boshqa ishlarni bajarish; shimuvchi quduqlar qurish; sug'oriladigan dalalarni va yer osti filtratsiya dalalarini, dafn etish joylarini joylashtirish, hayvonlar ko'miladigan joylarni (hayvonlar, parrandalar va baliqlarni ko'mish joylarini) tashkil etish; o'simliklar zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish uchun zaharli kimyoviy moddalarni qo'llash; dov-daraxtlarni kesish (bundan o'rmonni parvarish qilish uchun kesish va sanitariya maqsadida kesish mustasno) hamda yer uchastkalaridan, o'rmonzorlardan va suv havzalaridan ularning sifati yomonlashuviga yoki tabiiy davolash vositalarining kamayishiga olib kelishi mumkin bo'lgan har qanday boshqacha tarzda foydalanish. Kuzatuv zonasi hududida ekologiya, atrof-muhit muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlari, shuningdek Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasining organlari bilan kelishuvga ko'ra, tabiiy davolash vositalariga va hududning sanitariya holatiga salbiy ta'sir ko'rsatmaydigan barcha turdagi ishlarga yo'l qo'yiladi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlarining, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi organlarining iltimosnomasiga binoan, mahalliy sanitariya-gigiyena sharoitlarini hisobga olgan holda, ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimlari ob'yektlarining suvni muhofaza qilish zonasida xo'jalik faoliyatini yuritishga doir qismida qo'shimcha cheklovlar belgilashi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.