Soliq kodeksi

373-modda. Kompensatsiya to'lovlari (kompensatsiya)

(373-модданинг 12-банди Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 25 декабрдаги ЎРҚ-1108-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 25.12.2025 й., 03/25/1108/1217-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 1 январь)

Mehnatga haq to'lash tarzidagi daromadga kiritiladigan kompensatsiya to'lovlari (kompensatsiyalar) jumlasiga quyidagilar kiradi: 1) tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay bo'lgan joylardagi ishlar bilan bog'liq qo'shimcha to'lovlar (ish staji uchun ustamalar, baland tog'li, cho'l va suvsiz hududlarda ishlaganlik uchun belgilangan koeffitsiyentlar bo'yicha to'lovlar). Bunda yuridik shaxslar xodimlarining cho'l va suvsiz joylarda, baland tog'li va tabiiy-iqlim sharoiti noqulay hududlarda ishlaganlik uchun ish haqiga koeffitsiyentlar hisoblashning eng yuqori summasini aniqlash hisoblash sanasida belgilangan mehnatga haq to'lash eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdorida belgilanadi; 2) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan kasblar va ishlar ro'yxati bo'yicha og'ir, zararli, o'ta zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun ustamalar, shu jumladan shunday sharoitlardagi uzluksiz ish staji uchun ish haqiga ustamalar; 3) texnologik jarayon jadvalida nazarda tutilgan tungi vaqtda, ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida va bayram (ishlanmaydigan) kunlarida ishlaganlik uchun tarif stavkalariga hamda maoshlarga ustamalar va qo'shimcha to'lovlar; 4) ko'p smenali rejimda ishlaganlik, shuningdek bir necha kasbda, lavozimda ishlaganlik, xizmat ko'rsatish doirasi kengayganligi, bajariladigan ishlar hajmi ortganligi, o'zining asosiy ishi bilan bir qatorda ishda vaqtincha bo'lmagan xodimlarning vazifalarini bajarganlik uchun ustamalar; 5) doimiy ishi yo'lda kechadigan, harakatlanish va (yoki) qatnov tusiga ega bo'lgan xodimlarning, shuningdek doimiy ishi ishlarning vaxta usulida bajarilishini nazarda tutadigan xodimlarning ish haqiga qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha to'lanadigan ustamalar; 6) ish beruvchi joylashgan yerdan (yig'ilish punktidan) ishlash joyigacha borish va u yerdan qaytish uchun vaxtada ishlash jadvalida nazarda tutilgan ishlar vaxta usulida bajarilgan holda yo'lga ketadigan kunlar, shuningdek xodimlar meteorologik sharoitlar sababli va transport tashkilotlarining aybi bilan yo'lda ushlanib qolgan kunlar uchun tarif stavkasi yoki maosh miqdorida to'lanadigan summalar; 7) yer osti ishlarida doimiy band bo'lgan xodimlarga ularning stvoldan ishlash joyiga borish va u yerdan qaytish uchun shaxtada (konda) harakatlanishining me'yoriy vaqti uchun to'lanadigan qo'shimcha haqlar; 8) qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha dala ta'minoti; 9) xizmat safarlari vaqtida qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha kundalik xarajatlar uchun haq (sutkalik pullar); 10) ishlar vaxta usulida tashkil etilganda, ish vaqti umumlashtirilgan holda hisobga olinayotganda va qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda xodimlarga ish vaqtining belgilangan davomiyligidan ortiq ishlaganligi munosabati bilan beriladigan dam olish kunlari (otgullar) uchun to'lovlar; 11) xizmat safarlari uchun xodimning shaxsiy avtomobilidan yoki xizmat maqsadlari uchun uning boshqa mol-mulkidan qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha foydalanganlik uchun to'lovlar; 12) mehnatda mayib bo'lganlik yoki sog'liqqa boshqacha tarzda shikast yetganlik bilan bog'liq zararning o'rnini qoplash uchun ushbu Kodeks 369-moddasi ikkinchi qismining 10-bandida ko'rsatilgan miqdorlardan ortiqcha olingan summalar; 13) oziq-ovqat va yo'l chiptalarining qiymati yoki oziq-ovqat va yo'l chiptalarining qiymatini qoplash.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.