Soliq kodeksi

159¹-modda. Ayrim hollarda sayyor soliq tekshiruvini tashkil etish, tekshiruv materiallarini ko'rib chiqish hamda natijalari bo'yicha qaror qabul qilishning o'ziga xos xususiyatlari

(159¹-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 25 декабрдаги ЎРҚ-1108-сонли Қонунига асосан киритилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 25.12.2025 й., 03/25/1108/1217-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 1 январь)

Soliq organlari xodimlari tomonidan ularga biriktirilgan korxonalardagi yoki mahallalardagi soliq to'lovchilarda ushbu Kodeks 221-moddasining birinchi qismida, 223-moddasi uchinchi qismining o'n uchinchi va o'n beshinchi xatboshilarida, 429-moddasining o'n yettinchi qismida belgilangan soliqqa oid huquqbuzarliklar yoki holatlar sodir etilgani aniqlangan taqdirda, birinchi marta rasmiy ogohlantiriladi va ushbu hujjat elektron tarzda soliq to'lovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Mazkur soliqqa oid huquqbuzarliklar yoki holatlar rasmiy ogohlantirishdan keyin uch kun muddatda bartaraf etilmagan va (yoki) ular qayta sodir etilganligi aniqlangan taqdirda, ushbu soliq to'lovchida sayyor soliq tekshiruvlari o'tkaziladi. Ushbu Kodeks 223-moddasi uchinchi qismining o'n uchinchi va o'n beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo'yicha sayyor soliq tekshiruvi materiallari soliq tekshiruvini o'tkazgan soliq organining rahbari (rahbar o'rinbosari) tomonidan ushbu soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilgan kundan e'tiboran bir kun o'tgach, lekin uch kundan kechiktirmay ko'rib chiqilishi kerak. Ularga doir qaror soliq tekshiruvi materiallari ko'rib chiqilganidan keyin bir kundan kechiktirmay qabul qilinishi lozim. Ushbu Kodeks 165-moddasining ikkinchi qismida va oltinchi — o'n sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar mazkur Kodeks 221-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar hamda 429-moddasining o'n yettinchi qismida nazarda tutilgan holatlar bo'yicha o'tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasiga nisbatan qo'llanilmaydi. Mazkur huquqbuzarliklar yoki holatlar bo'yicha o'tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi to'g'risida tuzilgan dalolatnoma asosida qaror soliq tekshiruvini o'tkazgan soliq organining rahbari (rahbar o'rinbosari) tomonidan ushbu soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilgan kundan e'tiboran bir kun o'tgach, lekin uch kundan kechiktirmay qabul qilinishi lozim. Sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo'yicha ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda qabul qilingan qaror o'ziga nisbatan ushbu qaror qabul qilingan shaxsga (shaxsning vakiliga) berilgan yoki soliq to'lovchining shaxsiy kabinetiga elektron hujjat tarzida yuborilgan kundan e'tiboran uch kun o'tgach kuchga kiradi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarni yoki holatlarni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik sub'yektini rasmiy ogohlantirish shakli O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.