«Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi qonun

20²-modda. Transport vositalari egalarining va sug'urtalovchilarning yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnomani tuzish chog'idagi harakatlari

(20²-модда Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 22 июндаги ЎРҚ-1154-сонли Қонунига асосан учинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.06.2026 й., 03/26/1154/0618-сон)

Yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnoma yo'l-transport hodisasi ishtirokchisi bo'lgan hodisa sodir bo'lganidan keyin haydovchilar tomonidan darhol joyning o'zida va ikki nusxada tuziladi. Yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnoma haydovchilarning fuqarolik javobgarligini sug'urta qilgan sug'urtalovchilarga quyidagi materiallar va hujjatlar ilova qilingan holda uch ish kuni ichida yuboriladi: yo'l-transport hodisasi joyining (avtotransport vositalari to'qnashgan joyning (vaziyat o'zgartirilmagan holdagi), transport vositalarining fotosurati va (yoki) videoyozuvi, transport vositalarining shikastlangan qismlarining fotosurati va (yoki) videoyozuvi; haydovchilarning sug'urta hodisasini to'g'ridan-to'g'ri hal etish to'g'risidagi arizalari; yo'l-transport hodisasi sodir bo'lgan joydagi yoki unga yaqin joydagi narkologik dispanserda yoxud sog'liqni saqlash organlari tomonidan belgilangan tuman va shahar davolash-profilaktika muassasasida yo'l-transport hodisasi haqida xabarnoma tuzilgan paytdan e'tiboran to'rt soat ichida haydovchilarning mastlik holatini aniqlash bo'yicha tibbiy tekshiruv o'tkazilganligi to'g'risidagi bayonnoma; yo'l-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilarning transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarining, transport vositalari ro'yxatdan o'tkazilganligi haqidagi hujjatlarning ko'chirma nusxalari, shuningdek sug'urta polisining ko'chirma nusxalari. Haydovchilarning tanloviga ko'ra aybdor tarafning sug'urtalovchisidan sug'urta tovonini olish maqsadida sug'urta hodisasini to'g'ridan-to'g'ri hal etish to'g'risidagi ariza o'rniga sug'urta tovonini to'lash haqidagi ariza rasmiylashtirilib, aybdor tarafning sug'urtalovchisiga murojaat qilinishi mumkin. Bunda ariza aybdor tarafning sug'urtalovchisi tomonidan ko'rib chiqilishi lozim. Yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnomaning ko'chirma nusxasi sug'urtalovchiga ushbu moddaning ikkinchi qismida ko'rsatilgan materiallar va hujjatlar ilova qilingan holda, sug'urtalovchining dasturiy ta'minoti (mobil ilovasi) orqali elektron shaklda yuborilishi mumkin. Haydovchilarning mastlik holatini tekshiruvdan o'tkazish qiymati sug'urtalovchi tomonidan majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha o'rni qoplanishi lozim bo'lgan zarar tarkibiga kiritiladi. Transport vositalari egalari yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnomada ko'rsatilgan transport vositalarini ko'rikdan va (yoki) mustaqil ekspertizadan o'tkazish uchun so'rov olingan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida sug'urtalovchining so'roviga ko'ra taqdim etishi shart. Transport vositalarining egalari transport vositalarini sug'urtalovchining yozma roziligisiz yoki sug'urtalovchi sug'urta tovonini to'lash to'g'risida yoxud uni to'lashni rad etish haqida qaror qabul qiladigan kunga qadar ta'mirlashga yoki utilizatsiya qilishga haqli emas. Sug'urtalovchi yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnoma ushbu moddaning ikkinchi qismida ko'rsatilgan materiallar va hujjatlar ilova qilingan holda taqdim etilgan kundan e'tiboran o'n besh kalendar kun ichida sug'urta tovonini to'lash to'g'risida yoki uni to'lashni rad etish haqida qaror qabul qiladi. Transport vositalarini ko'zdan kechirish, mustaqil ekspertizani hamda o'rni qoplanishi lozim bo'lgan zararning miqdorini belgilash uchun baholashni tashkil etish ushbu moddaning sakkizinchi qismida ko'rsatilgan muddatda, sug'urtalovchi tomonidan amalga oshiriladi. Yo'l-transport hodisasi to'g'risida xabarnoma tuzilganda jabrlanuvchining transport vositasiga yetkazilgan zarar ushbu Qonun 22-moddasining uchinchi qismida belgilangan sug'urta tovoni miqdoridan oshmasligi kerak. Bunda yetkazilgan zarar miqdori yo'l-transport hodisasi haqidagi xabarnoma sug'urtalovchiga taqdim etilganidan so'ng oshgan taqdirda, sug'urtalovchi sug'urta summasining faqat ushbu Qonun 22-moddasining uchinchi qismida ko'rsatilgan miqdordan ortiq bo'lmagan qismini sug'urta tovoni sifatida to'laydi. Yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnomani tuzish tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.