Ma'muriy javobgarlik kodeksi

324¹⁹-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) ko'rib chiqish tartibi

Birinchi instantsiya sudining ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish bo'yicha qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instantsiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda ko'rib chiqiladi. Kassatsiya instantsiyasi sudi ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni sud majlisida ushbu paragrafda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning XXIII bobida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rish qoidalariga binoan ko'rib chiqadi. Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish kassatsiya instantsiyasida ko'rilayotganda sud majlisi ish bo'yicha raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday ish va kimning kassatsiya shikoyati (protesti) bo'yicha ko'rilayotganligini e'lon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini e'lon qiladi, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan bo'lsa, prokurorning, advokatning va tarjimonning familiyasini, ismini, otasining ismini ma'lum qiladi. Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi qaysi shaxslar, ularning vakillari kelganligini aniqlashtiradi, hozir bo'lganlarning shaxsini aniqlaydi, mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, bildirilgan iltimosnomalarni hal qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi to'g'risida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni kassatsiya tartibida ko'rish uchun monelik qilmaydi. Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni kassatsiya instantsiyasi sudida ko'rish sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning ma'ruzasi bilan boshlanadi. Ma'ruza davomida ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish holatlari, birinchi instantsiya sudi qarorining mazmuni, kassatsiya shikoyati (protesti) vajlari bayon etiladi. Ma'ruzadan keyin sud majlisida hozir bo'lgan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ular vakillarining tushuntirishlari eshitiladi. Kassatsiya shikoyati bergan shaxs yoki uning vakili yoxud, agar prokuror kassatsiya protesti bergan bo'lsa, prokuror birinchi bo'lib so'zga chiqadi. Kassatsiya instantsiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning so'zlarini eshitib, tegishli iltimosnomalar mavjud bo'lganda yoki o'z tashabbusiga ko'ra ishdagi mavjud va sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillarni tekshiradi. Sud kassatsiya shikoyatining (protestining) vajlari bilan chegaralanmay, unga ilova qilingan qo'shimcha materiallarni hamda ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish materiallarini to'liq hajmda tekshiradi. Kassatsiya instantsiyasi sudi ish holatlarini aniqlashtirishni va dalillarni tekshirishni tamomlagach, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ular sudda tushuntirishlar bergan ketma-ketlikda muzokaralarda chiqish imkoniyatini yaratadi. Sud muzokaralari tugallangach, sudya qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi. Ishni kassatsiya tartibida ko'rib chiqish natijalari bo'yicha qaror qabul qilinadi. Qarorning ko'chirma nusxalari kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsga va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ushbu Kodeksning 324¹¹-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.