O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atida jinoyat ishini taftish tartibida ko'rishda sud majlisi raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday jinoyat ishi va kimning taftish tartibidagi shikoyati (protesti) bo'yicha ko'rilayotganligini e'lon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini e'lon qiladi, prokurorning, himoyachining, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan bo'lsa, tarjimonning familiyasini, ismini va otasining ismini ma'lum qiladi.
Raislik qiluvchi hozir bo'lgan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlarini tushuntiradi va ularda rad qilishga oid arzlar hamda iltimosnomalar bor-yo'qligini, ular taftish tartibidagi shikoyatda, protestda bayon etilgan iltimosnomalarni quvvatlashi-quvvatlamasligini aniqlaydi. Bunday iltimosnomalar mavjud bo'lganda sud ular bo'yicha ajrim chiqaradi.
Ishni ko'rish sudyalardan biri tomonidan birinchi instantsiya, apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instantsiyasi sudi hukmining, ajrimining, taftish tartibida berilgan shikoyatning yoki protestning mazmunini qisqacha bayon etish bilan boshlanadi.
Sudyaning ma'ruzasidan keyin sud taftish tartibida shikoyat (protest) bergan tarafning ma'ruzasini va boshqa tarafning e'tirozlarini eshitadi. Bir nechta shikoyat mavjud bo'lgan taqdirda, so'zga chiqish navbati taraflarning fikrlari hisobga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Agar taftish tartibida berilgan shikoyatlar bilan bir qatorda prokurorning taftish tartibida bildirilgan protesti mavjud bo'lsa, so'z birinchi navbatda unga beriladi.
Taftish instantsiyasi sudining majlisida ishtirok etayotgan prokuror ko'rib chiqilayotgan taftish tartibida berilgan shikoyatlar yuzasidan fikrini bildiradi, protestda ko'rsatilgan vajlarni bayon etadi.
Taraflar o'z vajlarini bayon etish bilan birga taftish tartibida berilgan shikoyatda (protestda) keltirilgan vajlarni tasdiqlab yoki rad etib sudga qo'shimcha materiallarni taqdim etishga haqli.
Qo'shimcha materiallar taqdim etilgan hollarda, sud taraflarga ular bilan tanishib chiqish va o'z vajlarini bayon etish imkonini beradi.
Jinoyat ishini taftish tartibida ko'rishda sud ushbu Kodeks 483-moddasining uchinchi qismiga amal qilgan holda to'liq yoki qisman sud tergovini o'tkazishga haqli.
Sud tergovi yakunlanganidan so'ng sud taraflarning muzokaralariga o'tadi.
Sud muzokaralari ushbu Kodeksning 449-moddasi qoidalari asosida o'tkaziladi, bunda shikoyat (protest) bergan shaxs birinchi bo'lib so'zga chiqadi.
Taraflarning muzokaralari tamomlanganidan keyin raislik qiluvchi mahkumga (oqlangan shaxsga), agar u sud majlisida ishtirok etayotgan bo'lsa, oxirgi so'z beradi, shundan so'ng sud qaror chiqarish uchun maslahatxonaga kiradi.
Taftish instantsiyasi sudining qarori ushbu Kodeksning 497³¹-moddasida nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
Taftish instantsiyasi sudining qarorini e'lon qilish ushbu Kodeksning 473, 497³¹-moddalari qoidalariga ko'ra amalga oshiriladi.
Taftish instantsiyasi sudida sud majlisining bayonnomasi yuritiladi. Sud majlisining bayonnomasi ushbu Kodeksning 426-moddasida ko'rsatilgan muddatlarda tayyorlanishi kerak. U bilan sud majlisining barcha ishtirokchilari tanishishga haqli. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan ushbu Kodeksning 427-moddasida nazarda tutilgan tartibda mulohazalar bildirilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat-protsessual kodeksi
521¹⁶-modda. Jinoyat ishini taftish tartibida O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atida ko'rish tartibi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.