Jinoyat-protsessual kodeksi

161-modda. Olib qo'yish va tintuv o'tkazish tartibi

(161-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 28 январдаги ЎРҚ-1022-сонли Қонунига асосан чиқарилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 29.01.2025 й., 03/25/1022/0083-сон)

Surishtiruvchi yoki tergovchi olib qo'yish yoki tintuv o'tkazish haqidagi qarorga yoki ajrimga asosan ish uchun ahamiyatli bo'lgan narsalarni, hujjatlarni va elektron ma'lumotlarni qidirib topish maqsadida turar joyga yoki boshqa binoga kirishga haqlidir. Surishtiruvchi, tergovchi olib qo'yish yoki tintuv o'tkazishga kirishishdan oldin olib qo'yish yoki tintuv o'tkazilayotgan shaxsni qaror yoki ajrim bilan tanishtirib imzo qo'ydirishi shart. Surishtiruvchi, tergovchi olib qo'yish yoki tintuv o'tkazilayotgan binoda yoki o'zga joyda turgan shaxslarning olib qo'yish yoki tintuv tamom bo'lgunga qadar shu bino yoki joydan chiqib ketishini, shuningdek ularning bir-birlari bilan yoki boshqa shaxslar bilan gaplashishini taqiqlab qo'yishga haqlidir. Surishtiruvchi, tergovchi olib qo'yish chog'ida qaror yoki ajrim bilan tanishtirganidan keyin olinishi lozim bo'lgan narsalarni, hujjatlarni va elektron ma'lumotlarni ixtiyoriy ravishda berishni taklif qiladi, taklif rad etilgan taqdirda majburiy ravishda oladi. Agar bu narsalar, hujjatlar va elektron ma'lumotlar olib qo'yishni amalga oshirish to'g'risidagi qarorda yoki ajrimda ko'rsatilgan joydan topilmasa, u holda tintuv o'tkaziladi. Surishtiruvchi, tergovchi tintuv o'tkazishga kirishayotganida qarorni yoki ajrimni taqdim etganidan keyin olib qo'yilishi kerak bo'lgan narsalarni, hujjatlarni yoki elektron ma'lumotlarni berishni taklif etadi. Agar ular ixtiyoriy ravishda berilsa, olib qo'yish bayonnomasi tuziladi. Agar qidirilayotgan narsalar, hujjatlar yoki elektron ma'lumotlar berilmasa yoxud to'liq holda berilmasa, tintuv o'tkaziladi. Tintuv chog'ida tintuv o'tkazish to'g'risidagi qarorda yoki ajrimda ko'rsatilgan narsalar yoki hujjatlar yoxud elektron ma'lumotlar qidiriladi va olinadi. Ish uchun ahamiyatga ega bo'lgan boshqa narsalar, hujjatlar yoki elektron ma'lumotlar, xuddi shuningdek saqlanishi taqiqlangan ashyolar topilgan taqdirda, ular ham olib qo'yilishi lozim. Surishtiruvchini, tergovchini bu narsalarni yoki hujjatlarni yoxud elektron ma'lumotlarni olib qo'yishga undagan asoslar tintuv o'tkazilganligi haqidagi bayonnomada aks ettiriladi. Olinayotgan narsalarning, hujjatlarning va elektron ma'lumotlarning hammasi xolislarga, olib qo'yish yoki tintuv o'tkazishda hozir bo'lgan boshqa shaxslarga ko'rsatiladi, bayonnomada to'liq aks ettiriladi, zarurat bo'lgan taqdirda o'ralib, muhrlanadi. O'rovni ochishga va muhrni olib tashlashga keyingi ish yuritish davomida faqat xolislar ishtirokida yo'l qo'yiladi. Olib qo'yish yoki tintuv o'tkazish vaqtida yopiq binolarni yoki buyumlar saqlanadigan joyni uning egasi o'z ixtiyori bilan ochib berishdan bosh tortsa, surishtiruvchining, tergovchining o'zi ularni ochishga haqlidir. Bunda zarurat bo'lmaganda qulflar, eshiklar va boshqa narsalarning shikastlantirilishiga yo'l qo'yilmasligi hamda uydagi saranjomlik buzilmasligi lozim. Shaxsiy elektron ma'lumotlarni olib qo'yish va tintuv qilish qonunga hamda sudning qaroriga asosan amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.