Jinoyat-protsessual kodeksi

106-modda. So'roq jarayoni va natijalarini qayd qilish

(106-модданинг тўртинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 21 ноябрдаги ЎРҚ-1003-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.11.2024 й., 03/24/1003/0943-сон)

So'roq jarayoni va natijalari surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida so'roq bayonnomasida, sud muhokamasida esa sud majlisi bayonnomasida qayd qilinadi. So'roq jarayonida bayonnoma yuritish bilan bir qatorda ovozni yozib olish, videoyozuv va kinotasvirga olish ham qo'llanilishi mumkin. Ko'rsatuvlar bayonnomaga birinchi shaxs nomidan, imkon boricha so'zma-so'z yozib boriladi. Savol-javob so'roq jarayonida qanday olib borilgan bo'lsa, shunday izchillikda qayd qilinadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchi tomonidan chetlatilgan, shuningdek so'roq qilinuvchi javob berishdan bosh tortgan savollar ham bayonnomaga kiritilishi kerak. Bayonnomada bundan tashqari, so'roq qilinuvchi tomonidan avvalgi so'roqlarda berilgan ko'rsatuvlarning o'qib eshittirilgani, ko'rsatuv berish jarayonida so'roq qilinuvchining hujjat yoki boshqa yozuvlardan foydalangani, so'roq qilinuvchiga so'roq davomida narsalar, hujjatlar va elektron ma'lumotlar ko'rsatilgani, so'roq paytida ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvirga olish o'tkazilgani qayd qilinadi. Fonogramma, videoyozuv va kinotasma bayonnomaga ilova qilinadi. So'roq tugaganidan keyin bayonnoma o'qib chiqish uchun so'roq qilinuvchiga ko'rsatiladi yoxud uning iltimosiga ko'ra surishtiruvchi, tergovchi tomonidan unga o'qib beriladi. So'roq qilinuvchi ko'rsatuvni o'z qo'li bilan yozma ravishda bayon qilishga haqli. O'z qo'li bilan yozilgan ko'rsatuv bayonnomaga ilova qilinib, bu haqda bayonnomaga yozib qo'yiladi. So'roq qilinuvchi yoki taraflarning iltimosiga ko'ra sud majlisida bayonnomaga imzo qo'yilguniga qadar yozilgan ovoz, videoyozuv yoki kinotasvir namoyish qilinishi mumkin. Ular bilan bayonnoma o'rtasida jiddiy tafovut bo'lgan hollarda, tafovut sababini aniqlash uchun yangitdan so'roq qilinishi mumkin. So'roq qilinuvchi bayonnomani o'qib bo'lgach, ko'rsatuvlari to'g'ri yozilganligi va u bilan tanishganligini imzo chekib, tasdiqlaydi. Imzo bayonnomaning oxiriga qo'yiladi, basharti ko'rsatuvlar bir necha sahifaga yozilgan bo'lsa, har qaysi sahifaga alohida imzo chekiladi. So'roq qilishda tarjimon qatnashayotgan bo'lsa, u so'roq qilinayotgan shaxsning bayonnomadagi ko'rsatuvini unga og'zaki tarjima qiladi, so'roq qilinuvchining o'z qo'li bilan yozib bergan ko'rsatuvlarini esa, yozma ravishda tarjima qiladi. Tarjimon ko'rsatuvlar yozilgan bayonnomaning oxiriga va har bir sahifasiga alohida, shuningdek so'roq qilinuvchining o'z qo'li bilan yozib bergan ko'rsatuvlarining tarjimasiga imzo chekadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.