Economic Procedure Code

232¹¹-modda. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi arizaning shakli va mazmuni

Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi ariza yozma shaklda yoki elektron hujjat tarzida beriladi va arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi arizada quyidagilar ko'rsatilgan bo'lishi kerak: 1) ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi; 2) mediativ kelishuv tuzgan taraflarning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; 3) mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi talab. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi arizada telefonlar, fakslar raqamlari, elektron pochta manzillari va boshqa ma'lumotlar ko'rsatilishi mumkin. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi: 1) mediativ kelishuvning asli yoki tegishli tarzda tasdiqlangan ko'chirma nusxasi; 2) belgilangan tartibda hamda miqdorda davlat boji va pochta xarajatlari to'langanligini tasdiqlovchi hujjatlar; 3) mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi arizaning ko'chirma nusxasi mediativ kelishuvning boshqa tarafiga topshirilganligi haqidagi xabarnoma yoki uning yuborilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjat. Agar mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi ariza mediativ kelishuv tuzgan manfaatdor tarafning vakili tomonidan berilgan bo'lsa, unga ishonchnoma yoki vakilning vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi kerak. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi ariza mediativ kelishuvni ixtiyoriy ijro etish muddati tugagan kundan e'tiboran olti oydan kechiktirmay berilishi mumkin. Mazkur muddat iqtisodiy sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga ko'ra o'tkazib yuborilgan taqdirda, o'tkazib yuborilgan muddat tiklanishi mumkin. Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan o'tkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilgan taqdirda, mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi arizani qabul qilish ushbu Kodeksning 154-moddasida nazarda tutilgan qoidalar bo'yicha rad etiladi. Ushbu Kodeks 37-moddasining oltinchi qismida, ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, to'rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan, shuningdek ariza olti oylik muddat tugagach berilgan va o'tkazib yuborilgan muddatni tiklash to'g'risida iltimosnoma mavjud bo'lmagan taqdirda, mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risidagi ariza ushbu Kodeksning 155-moddasida nazarda tutilgan qoidalar bo'yicha arizachiga qaytariladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.