«Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to'g'risida»gi qonun

44-modda. O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasini bekor qilish shartlari

Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash doirasidagi qo'shimcha kafolatlar va qo'llab-quvvatlash choralarining (imtiyozlar va preferentsiyalarning) amal qilishi O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilish muddati tugagach bekor qilinadi yoxud ushbu moddada belgilangan tartibda bunday muddatning tugashiga qadar bekor qilinishi mumkin. O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishi quyidagi hollarda muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin: taraflarning o'zaro kelishuviga binoan; bir tomonlama tartibda. O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi bo'yicha majburiyatlar chet ellik investor tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi chet ellik investorga O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasiga o'zgartirishlar kiritish uchun investitsiya loyihasini to'xtatib turish va (yoki) uni bundan buyon amalga oshirish imkoniyatini asoslovchi hujjatlarni taqdim etish zarurligi to'g'risida yozma xabarnoma yuboradi. Agar chet ellik investor tomonidan yozma xabarnoma olingan paytdan e'tiboran uch oy mobaynida investitsiya loyihasini to'xtatib turish va (yoki) uni bundan buyon amalga oshirish imkoniyatini asoslovchi hujjatlar taqdim etilmagan bo'lsa, investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishini muddatidan oldin tugatish to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Hukumatiga taqdimnoma kiritadi hamda O'zbekiston Respublikasi Hukumatining xulosasini olganidan keyin chet ellik investorga O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishi muddatidan oldin bir tomonlama tartibda bekor qilinganligi to'g'risida yozma xabarnoma yuboradi. O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi bekor qilingan taqdirda, chet ellik investor investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash doirasida O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi bo'yicha berilgan qo'shimcha kafolatlar va qo'llab-quvvatlash choralari (imtiyozlar va preferentsiyalar) tufayli byudjetga to'lanmagan soliqlar va to'lovlarning summalarini to'laydi. O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzgan chet ellik investorning tashabbusiga ko'ra bir tomonlama tartibda bekor qilingan taqdirda, mazkur chet ellik investor investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash doirasida O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi bo'yicha berilgan qo'shimcha kafolatlar va qo'llab-quvvatlash choralari (imtiyozlar va preferentsiyalar) tufayli byudjetga to'lanmagan soliqlar va to'lovlarning summalarini to'laydi. O'zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi taraflarning kelishuviga ko'ra muddatidan oldin bekor qilinganda majburiyatlarni bundan buyon ijro etish ularning o'zaro kelishuvi bilan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.