Fuqarolik protsessual kodeksi

98-modda. Ekspertning (ekspertlar komissiyasining) xulosasi

(98-модданинг учинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 26 сентябрдаги ЎРҚ-1084-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 26.09.2025 й., 03/25/1084/0874-сон)

Ekspert (ekspertlar komissiyasi) tekshirishlarni o'tkazib bo'lganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi. Sud ekspertga o'z xulosasini og'zaki tushuntirib berishni taklif qilish huquqiga ega. Og'zaki tushuntirish sud majlisining bayonnomasiga kiritiladi, ekspertga o'qib eshittiriladi va ekspert tomonidan imzolanadi. Ekspertning (ekspertlar komissiyasining) xulosasida quyidagilar aks ettirilgan bo'lishi kerak: ekspertiza o'tkazilgan sana va joy; ekspertizaning o'tkazilish asosi; ekspertizani tayinlagan sud to'g'risidagi ma'lumotlar; ekspert to'g'risidagi ma'lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, ma'lumoti, ixtisosligi, mehnat staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va ekspertizani o'tkazish topshirilgan korxona, muassasa yoki tashkilot haqidagi ma'lumotlar; ekspert bila turib yolg'on xulosa berganligi; ish yopiq sud majlisida ko'rilganda yopiq sud majlisi muhokamasi ma'lumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganligi uchun jinoiy javobgarlik to'g'risida ogohlantirilganligi; ekspert oldiga qo'yilgan savollar; ekspertga taqdim etilgan tekshirish ob'yektlari va ish materiallari; ekspertiza o'tkazilayotganda hozir bo'lgan shaxslar haqidagi ma'lumotlar; qo'llanilgan usullar ko'rsatilgan holda tekshirishlarning mazmuni va natijalari, shuningdek bu tekshirishlar, agar ekspertiza ekspertlar komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan bo'lsa, kim tomonidan o'tkazilganligi; tekshirish natijalarining baholanishi, qo'yilgan savollarga berilgan asoslantirilgan javoblar; ish uchun ahamiyatga molik bo'lgan va ekspertning tashabbusiga ko'ra aniqlangan holatlar. Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi bo'lib xizmat qiladi. Tekshirishning olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar qonunchilikda belgilangan muddatlarda davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida yoxud boshqa korxona, muassasa, tashkilotda saqlanadi. Ular ekspertizani tayinlagan sudning talabiga binoan ishga qo'shib qo'yish uchun taqdim etiladi. Agar taqdim etilgan tekshirish ob'yektlarining, materiallarning yoki ekspertning maxsus bilimlari yetarli emasligi tekshirish davomida ma'lum bo'lib qolsa, xulosa qo'yilgan ayrim savollarga javob berishni rad etish asosini o'z ichiga olgan bo'lishi kerak. Tekshirish tugaganidan so'ng xulosa, tekshirish ob'yektlari va ish materiallari ekspertizani tayinlagan sudga yuboriladi. Sudning ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasiga qo'shilmaganligi ish bo'yicha chiqarilgan hal qiluv qarorida yoki ajrimda asoslab berilgan bo'lishi lozim.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.