Fuqarolik protsessual kodeksi

105-modda. Da'voni ta'minlash asoslari

Sud (sudya) da'voni ta'minlash choralarini ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasi yoki o'z tashabbusi bo'yicha ko'rishi mumkin. Agar da'voni ta'minlash choralarini ko'rmaslik sud hujjati ijrosini qiyinlashtirsa yoki uni bajarib bo'lmaydigan qilib qo'ysa, da'voni ta'minlashga yo'l qo'yiladi. Da'voni ta'minlashga sud protsessining har qanday bosqichida yo'l qo'yiladi. Davlat foydasiga mulkiy undiruvlar bilan bog'liq ishlarni ko'rib chiqayotganda sud (sudya) da'voni ta'minlash choralarini ko'rishi shart. Da'voni ta'minlash to'g'risidagi arizada da'voni ta'minlash choralarini ko'rish asoslari va zaruriyati ko'rsatilgan bo'lishi lozim. Hakamlik sudida ko'rib chiqilayotgan da'voni ta'minlash choralari hakamlik muhokamasi tarafining tanloviga ko'ra, hakamlik sudi joylashgan yerdagi yoxud javobgar turgan joydagi yoki yashaydigan joydagi yoinki javobgarning mol-mulki turgan joydagi fuqarolik ishlari bo'yicha sud tomonidan ko'rilishi mumkin. Da'voni ta'minlash to'g'risidagi arizaga da'voning hakamlik sudiga taqdim etilganligini isbotlovchi dalillar ilova qilinadi. Hakamlik sudida ko'rib chiqilayotgan da'voni ta'minlash to'g'risidagi arizani fuqarolik ishlari bo'yicha sud tomonidan ko'rib chiqish va da'voni ta'minlash haqida ajrim chiqarish ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.