Fuqarolik kodeksi

827-modda. Boshqa shaxsning manfaatini ko'zlab topshiriqsiz harakat qiluvchi shaxsning majburiyatlari

Boshqa shaxsning manfaatlarini ko'zlab, uning topshirig'isiz harakat qiluvchi shaxs birinchi imkoniyat tug'ilishi bilanoq, bu haqda manfaatdor shaxsga xabar berishi shart. Agar manfaatdor shaxs bu harakatlarni ma'qullasa, shundan keyin topshiriq shartnomasi to'g'risidagi qoidalar taraflarning munosabatlariga nisbatan qo'llanadi. Mazkur harakatlar ma'qullanmagan taqdirda ular bo'yicha javobgarlik topshiriqsiz harakat qilgan shaxs zimmasiga yuklatiladi. Manfaatdor shaxsni xabardor qilish mumkin bo'lmasa, harakatlarni topshiriqsiz boshlagan shaxs ularni oxiriga yetkazishi, manfaatdor shaxs uchun salbiy mulkiy oqibatlarning oldini olish bo'yicha o'ziga bog'liq bo'lgan hamma choralarni ko'rishi shart. Bunda topshiriqsiz harakat qilgan shaxs ishni yuritish bilan bog'liq bo'lgan hamma narsani, shu jumladan tuzilgan bitimlar bo'yicha majburiyatlarni ham o'z zimmasiga olishi shart. Agar boshqa shaxsning manfaatlarini ko'zlab uning topshirig'isiz harakat qilayotgan shaxs birinchi imkoniyat tug'ilishi bilanoq bu haqda manfaatdor shaxsni xabardor qilmasa, u qilingan xarajatlarni qoplashni talab qilishga haqli emas. Boshqa shaxsning manfaatini ko'zlab topshiriqsiz harakat qilayotgan shaxs tegishli faoliyatning amalga oshirilishidan manfaatdor bo'lgan fuqaro vafot etgan yoki yuridik shaxsning faoliyati to'xtatilgan taqdirda ham manfaatdor shaxsning merosxo'rlari (qonuniy vorislari) uning o'rnini olgunlaricha boshlangan faoliyatni davom ettirishi shart.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.