Fuqarolik kodeksi

682-modda. Qurilish pudrati shartnomasida sifat kafolatlari

Agar qurilish pudrati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, pudratchi qurilish ob'yektining loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan ko'rsatkichlarga erishishini va ob'yektni kafolat muddati davomida shartnomaga muvofiq holda ishlatish mumkinligini kafolatlaydi. Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha kafolat muddati nazarda tutilgan bo'lmasa, kafolat muddati ob'yekt buyurtmachi tomondan qabul qilingan kundan boshlab o'n yilni tashkil etadi. Agar pudratchi kafolat muddati davomida aniqlangan kamchiliklar (nuqsonlar) ob'yektning yoki uning qismlarining normal eskirishi, uning noto'g'ri ishlatilishi yoxud buyurtmachining o'zi yoki u jalb qilgan uchinchi shaxslar ishlab chiqqan qo'llanmaning noto'g'riligi, ob'yektni buyurtmachining o'zi yoki u jalb qilgan uchinchi shaxslar tegishli darajada ta'mirlamaganligi oqibatida vujudga kelganligini isbotlay olmasa, bu kamchiliklar uchun javobgar bo'ladi. Kafolat muddati pudratchi javobgar bo'lgan kamchiliklar natijasida ob'yektdan foydalanish mumkin bo'lmagan butun vaqtga to'xtatib turiladi. Kafolat muddati davomida ushbu Kodeks 681-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida ko'rsatilgan kamchiliklar aniqlangan taqdirda, buyurtmachi kamchiliklar aniqlangandan keyingi oqilona muddat davomida ular haqida pudratchini xabardor qilishi kerak.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.