Fuqarolik kodeksi

646-modda. Buyurtmachining bajarilgan ishlarni qabul qilishi

Buyurtmachi bajarilgan ishni (uning natijasini) pudrat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda pudratchi ishtirokida ko'rib chiqishi va qabul qilishi, ish natijasini yomonlashtiradigan darajada shartnomadan chekinish yoki boshqa kamchiliklar aniqlangan taqdirda esa, bu to'g'rida pudratchiga darhol ma'lum qilishi shart. Ishni qabul qilish vaqtida uning kamchiliklarini aniqlagan buyurtmachi bu kamchiliklar yoxud ularni tuzatish to'g'risida keyinchalik talab qo'yish mumkinligi dalolatnoma yoki qabul qilishni tasdiqlovchi boshqa hujjatda ko'rsatilgan hollardagina ularni vaj qilib keltirishga haqli. Buyurtmachi ishni tekshirmasdan qabul qilgan bo'lsa, uni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin bo'lgan kamchiliklar (ochiq ko'rinib turgan kamchiliklar)ni dalil qilib keltirish huquqidan mahrum bo'ladi. Buyurtmachi ish qabul qilib olinganidan so'ng unda pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin bo'lmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar)ni, shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklarni aniqlasa, ular aniqlanganidan so'ng o'n kunlik muddat ichida bu to'g'rida pudratchiga xabar qilishi shart. Buyurtmachi bilan pudratchi o'rtasida bajarilgan ishning kamchiliklari yoki ularning sabablari yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, istagan tarafning talabi bo'yicha ekspertiza tayinlanishi kerak. Ekspertiza o'tkazish xarajatlari pudratchi zimmasida bo'ladi, ekspertiza pudrat shartnomasi buzilmaganligini yoki pudratchining harakatlari bilan aniqlangan kamchiliklar o'rtasida sababiy bog'lanish yo'qligini aniqlagan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda ekspertiza xarajatlarini ekspertiza o'tkazishni talab qilgan taraf, agar ekspertiza taraflarning o'zaro kelishuvi bilan tayinlangan bo'lsa, ikkala taraf teng miqdorda to'laydi. Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, buyurtmachi bajarilgan ishni qabul qilishdan bosh tortganida, pudratchi shartnomaga binoan ish natijasi buyurtmachiga topshirilishi kerak bo'lgan kundan boshlab bir oy o'tgach va shundan keyin buyurtmachini ikki marta ogohlantirgan holda ish natijasini sotib yuborishga, tushgan pulni esa, pudratchiga tegishli hamma to'lovlarni chegirib tashlab, notarial idoraning depozitiga buyurtmachining nomiga kiritib qo'yishga haqli. Pudratchi pudrat narsasini sotish o'rniga uni ushlab turish yoki keltirilgan zararni buyurtmachidan undirib olish huquqidan foydalanishga haqli. Agar buyurtmachining bajarilgan ishni qabul qilishdan bosh tortishi ishni topshirish kechikib ketishiga sabab bo'lgan bo'lsa, tayyorlangan (qayta ishlangan) ashyoning tasodifan nobud bo'lish xavfi ashyo topshirilishi lozim bo'lgan paytda buyurtmachiga o'tgan deb hisoblanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.