Iqtisodiy sudlarda davlat bojini to'lashdan quyidagilar ozod qilinadi:
1) da'vogarlar — o'rmon daraxtlarini o'zboshimchalik bilan kesish hamda o'rmondan foydalanish, o'rmonni qo'riqlash va muhofaza qilish tartibi va shartlarini boshqacha tarzda buzish tufayli o'rmon fondiga yetkazilgan zararni undirish to'g'risidagi, o'rmon xo'jaligi daromadi summalarini (shu jumladan, o'rmon daraxtlarini o'sib turgan joyida sotish qoidalarini buzganlik uchun zarar va neustoykani, shuningdek o'zboshimchalik bilan o'rmon daraxtlarini kesganlik, pichan o'rganlik va mollarni o'tlatganlik uchun jarimalarni) undirish to'g'risidagi ishlar bo'yicha;
2) O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari — palata a'zolarining manfaatlarini ko'zlab qilingan da'volar yuzasidan;
3) Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha respublika kengashi hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha hududiy kengashlar — fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari manfaatlarini ko'zlab qilingan da'volar bo'yicha;
4) nogironligi bo'lgan shaxslarning jamoat birlashmalari, shuningdek ularning muassasalari, o'quv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari — barcha da'volar bo'yicha;
5) O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasining hududiy bo'linmalari — «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq pensiyalarni to'lashga ketgan mablag'larni tashkilotlardan undirib olish bo'yicha da'volar, shu jumladan regress da'volar yuzasidan;
6) sug'urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish organi — majburiy sug'urta operatsiyalari bilan bog'liq barcha ishlar bo'yicha;
6¹) sug'urta qildiruvchilar (sug'urtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) — majburiy sug'urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da'volar yuzasidan;
7) O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi va uning joylardagi organlari — suv to'g'risidagi qonunchilikni buzganlik tufayli davlatga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash uchun mablag'larni davlat daromadiga undirish to'g'risidagi da'volar bo'yicha;
8) O'zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi va uning joylardagi organlari — atrof-muhitni ifloslantirganlik, tabiatdan o'zboshimchalik bilan foydalanganlik va tabiiy resurslardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning tartib va shartlarini boshqacha tarzda buzganlik tufayli tabiiy ob'yektlarga va komplekslarga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash to'g'risidagi da'volar bo'yicha;
9) O'zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi hamda uning hududiy organlari — o'z zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlarga ko'rib chiqish uchun beriladigan da'volar, arizalar va shikoyatlar bo'yicha;
10) O'zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy organlari, O'zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki ob'yektlaridan samarali foydalanish markazi hamda uning hududiy organlari — o'z zimmasiga yuklatilgan vakolatlariga muvofiq sudlarga ko'rib chiqish uchun kiritiladigan da'volar va arizalar bo'yicha;
11) O'zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi — o'z zimmasiga yuklatilgan vakolatlariga muvofiq sudlar ko'rib chiqishi uchun kiritiladigan da'volar bo'yicha;
12) davlat soliq xizmati organlari, moliya va bojxona organlari — barcha ishlar hamda hujjatlar bo'yicha, shuningdek alohida yuritiladigan ishlar bo'yicha sudga arizalar berganlik uchun;
13) prokuratura organlari — davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko'zlab qilingan da'volar hamda beriladigan arizalar yuzasidan;
14) adliya organlari — davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko'zlab qilingan da'volar hamda beriladigan arizalar yuzasidan;
14¹) davlat organlari — o'zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish to'g'risidagi da'volar yuzasidan;
14²) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida nazorat qilish inspektsiyasi va uning hududiy inspektsiyalari — ko'p kvartirali uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish sohasida o'z zimmasiga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlarga ko'rib chiqish uchun kiritiladigan da'volar yuzasidan;
14³) ko'p kvartirali uylarni boshqarish organlari — ko'rsatilgan xizmatlar uchun majburiy badallar yoki to'lovlar bo'yicha qarzdorlikni undirish to'g'risidagi da'volar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda;
15) undiruvchi yoki davlat ijrochisi — qonunda nazarda tutilgan taqdirda, qarzdorni yoki uning mol-mulkini qidirish bo'yicha xarajatlarning o'rnini qarzdor tomonidan qoplash to'g'risidagi da'volar yuzasidan;
16) xalqaro va chet el hukumat moliya tashkilotlari tomonidan hukumatlararo kelishuvlar asosida berilgan kreditlar bo'yicha asosiy qarzdor sifatida qatnashuvchi davlat organlari va tashkilotlari — subzayom oluvchilardan paydo bo'lgan qarzdorliklarni undirish to'g'risidagi da'volar yuzasidan;
17) davlat ehtiyojlari uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish shartnomalari bo'yicha sotib oluvchi hisoblangan davlat organlari va tashkilotlari — yetkazib beruvchilar (pudratchilar) tomonidan shartnoma majburiyatlarining bajarilmaganligi bilan bog'liq da'volar yuzasidan;
18) O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari — fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalarining manfaatlarini ko'zlab qilingan da'volar yuzasidan;
19) arizachi va javobgar — huquqiy ta'sir choralarini qo'llash to'g'risidagi ishlar bo'yicha;
20) chet el investitsiyalari ishtirokidagi aktsiyadorlik jamiyatlari — ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to'g'risidagi da'volar yuzasidan;
21) tadbirkorlik sub'yektlari — hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to'g'risida ariza berganda;
22) O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, uning joylardagi organlari — yer to'g'risidagi qonunchilik buzilganligi bilan bog'liq da'volar bo'yicha;
22¹) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari — yer to'g'risidagi qonunchilik buzilganligi bilan bog'liq da'volar bo'yicha;
23) O'zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari — moddiy madaniy meros ob'yektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni ko'zlab qilingan da'volar hamda berilgan arizalar yuzasidan;
24) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi hamda uning joylardagi organlari — qishloq xo'jaligi sohasidagi qonunchilikni buzganlik bo'yicha davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko'zlab qilingan da'volar hamda beriladigan arizalar yuzasidan;
25) O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil — tadbirkorlik sub'yektlari manfaatlarini ko'zlab beriladigan da'volar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan;
26) O'zbekiston Respublikasining Hisob palatasi — O'zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida berilgan da'volar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan;
27) O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi, uning joylardagi organlari — yer to'g'risidagi qonunchilik buzilganligi bilan bog'liq da'volar bo'yicha;
28) «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» aktsiyadorlik jamiyati — o'z huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan da'volar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda;
29) issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar — tegishincha issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish yuzasidan xizmatlar uchun to'lovlar bo'yicha qarzlarni undirish to'g'risidagi da'volar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda;
30) maxsus iqtisodiy zonalarning va sanoat zonalarining direktsiyalari — investitsiya bitimi bo'yicha majburiyatlarini bajarmagan tadbirkorlik sub'yektlarining yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini bekor qilish to'g'risidagi da'vo arizalari bilan sudga murojaat qilganda.
Ushbu modda birinchi qismining 2, 14³, 20, 21, 22¹, 29 va 30-bandlarida ko'rsatilgan shaxslarning talablarini qanoatlantirish to'liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.
lex.uz’dagi asl matn«Davlat boji to'g'risida»gi qonun
9-modda. Iqtisodiy sudlarda davlat bojini to'lashdan ozod qilish
(9-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 30 апрелдаги ЎРҚ-1142-сонли Қонунига асосан 30-банд билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 01.05.2026 й., 03/26/1142/0440-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 2 август)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.