«Advokatura to'g'risida»gi qonun

-modda. Advokatlik firmasi

Advokatlik firmasi sheriklikka asoslangan va advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun advokatlar tomonidan ta'sis etilgan, notijorat tashkiloti bo'lgan advokatlik tuzilmasidir. Advokatlik firmasining ta'sis hujjati uning muassislari tomonidan tasdiqlanadigan ustavdir. Advokatlik firmasini ta'sis etgan advokatlar oddiy yozma shaklda o'zaro sheriklik shartnomasini tuzadi. Sheriklik shartnomasiga ko'ra advokatlar — sheriklar barcha sheriklar nomidan yuridik yordam ko'rsatish uchun o'z sa'y-harakatlarini birlashtirish majburiyatini oladi. Sheriklik shartnomasida uning amal qilish muddati, sheriklar tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi, boshqaruvchi sherikni saylash tartibi, uning vakolatlari va boshqa muhim shartlar ko'rsatiladi. Advokatlik firmasining umumiy ishlarini yuritish, agar sheriklik shartnomasida boshqacha qoida belgilangan bo'lmasa, boshqaruvchi sherik tomonidan amalga oshiriladi. Ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) bilan yuridik yordam ko'rsatish haqidagi bitim (shartnoma) boshqaruvchi sherik yoki barcha sheriklar nomidan ular bergan ishonchnomalar asosida boshqa sherik tomonidan tuziladi. Ishonchnomalarda ishonch bildiruvchi shaxslar (himoya ostidagi shaxslar) va uchinchi shaxslar bilan bitimlar (shartnomalar) hamda kelishuvlar tuzayotgan sherik vakolatlarining barcha cheklovlari ko'rsatiladi. Mazkur cheklovlar ishonch bildiruvchi shaxslar (himoya ostidagi shaxslar) va uchinchi shaxslar e'tiboriga yetkaziladi. Sheriklik shartnomasi quyidagi hollarda tugatiladi: sheriklik shartnomasining amal qilish muddati tugaganda; sheriklardan biri bo'lgan advokatning maqomi tugatilganda yoki to'xtatib turilganda, agar sheriklik shartnomasida boshqa sheriklar o'rtasidagi munosabatlarda ushbu shartnomaning kuchda qolishi nazarda tutilmagan bo'lsa; sheriklardan birining talabiga ko'ra sheriklik shartnomasi bekor qilinganda, agar sheriklik shartnomasida boshqa sheriklar o'rtasidagi munosabatlarda ushbu shartnomaning kuchda qolishi nazarda tutilmagan bo'lsa. Sheriklik shartnomasi tugatilgan paytdan e'tiboran uning ishtirokchilari ishonch bildiruvchi shaxslarga (himoya ostidagi shaxslarga) va uchinchi shaxslarga nisbatan ijro etilmagan umumiy majburiyatlar bo'yicha solidar tartibda javobgar bo'ladilar. Sheriklardan biri sheriklik shartnomasidan chiqqanda u o'zi yuridik yordam ko'rsatgan barcha ishlar bo'yicha ish yuritishni boshqaruvchi sherikka topshirishi shart. Sheriklik shartnomasidan chiqqan advokat sheriklik shartnomasida o'zi ishtirok etgan davrda yuzaga kelgan umumiy majburiyatlar bo'yicha ishonch bildiruvchi shaxslar (himoya ostidagi shaxslar) va uchinchi shaxslar oldida javobgar bo'ladi. Sheriklik shartnomasi tugatilganidan keyin advokatlar yangi sheriklik shartnomasini tuzishlari shart. Agar yangi sheriklik shartnomasi avvalgi sheriklik shartnomasining amal qilishi tugatilgan kundan e'tiboran bir oy ichida tuzilmasa, advokatlik firmasi advokatlik tuzilmasining boshqa shakliga o'zgartirilishi yoki tugatilishi kerak. Sheriklik shartnomasi tugatilgan paytdan e'tiboran va advokatlik firmasi advokatlik tuzilmasining boshqa shakliga o'zgartirilguniga qadar yoxud yangi sheriklik shartnomasi tuzilguniga qadar advokatlar yuridik yordam ko'rsatish to'g'risida bitimlar (shartnomalar) tuzishga haqli emas.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.