Yer kodeksi

9-modda. Yerlarni toifalarga bo'lish va bir toifadan boshqasiga o'tkazish

(9-модда Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 17 мартдаги ЎРҚ-1122-сонли Қонунига асосан саккизинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 17.03.2026 й., 03/26/1122/0250-сон)

Yerlar asosiy foydalanish maqsadiga qarab yer fondi toifalariga bo'linadi. Yerlardan asosiy foydalanish maqsadi — yerlardan yer-kadastr hujjatlarida aks ettiriladigan aniq maqsadlarni ko'zlab foydalanishning qonunchilikda belgilangan tartibi va shartlaridir. Yerlardan asosiy foydalanish maqsadi yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turlarini belgilash yo'li bilan aniqlashtiriladi. Yer uchastkalarining huquqiy rejimi ularning yer fondining muayyan toifasiga mansubligidan va ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Yerlarni yer fondining bir toifasidan boshqasiga o'tkazish yerlardan asosiy foydalanish maqsadi o'zgargan taqdirda amalga oshiriladi. Yerlarni yer fondi toifalariga bo'lish va bir toifadan boshqasiga o'tkazish viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari tomonidan amalga oshiriladi, bundan qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga o'tkazish mustasno. Sug'orilmaydigan yerlarni qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlar toifasidan yer fondining boshqa toifasiga o'tkazish ushbu modda oltinchi qismining talablarini inobatga olgan holda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi, sug'oriladigan yerlarni qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlar toifasidan yer fondining boshqa toifasiga yoki sug'orilmaydigan yerlarga o'tkazish esa ushbu Kodeksning 44¹-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo'llari bo'yida zamonaviy xizmat ko'rsatish majmualarini va servis ob'yektlarini, jumladan joylashtirish vositalarini, savdo-ko'ngilochar markazlarini master-reja asosida joylashtirish bo'yicha bo'sh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auktsion savdolariga chiqarish to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qarori O'zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda yer toifasini boshqa toifaga o'zgartirish uchun asos bo'ladi. Egalikda, foydalanishda yoki ijarada bo'lgan qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga o'tkazish mazkur yer uchastkalariga bo'lgan huquqlar ushbu Kodeksning 36-moddasida belgilangan tartibda bekor qilinganidan keyin va ular takroran berilguniga (realizatsiya qilinguniga) qadar amalga oshiriladi, bundan o'zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo'lgan huquqlar qonunda belgilangan tartibda e'tirof etilgan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga o'tkazish hollari mustasno. Yer fondining toifasi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) to'g'risidagi hujjatlarda, yer uchastkalariga bo'lgan huquqlarning boshqa shaxsga o'tishini belgilovchi hujjatlarda hamda davlat yer kadastri hujjatlarida, shuningdek Ko'chmas mulk ob'yektlariga bo'lgan huquqlarning davlat reyestridan elektron ko'chirmalarda ko'rsatiladi. Yerlarni bir toifadan boshqasiga o'tkazishning belgilangan tartibini buzish bunday o'tkazish faktlarini g'ayriqonuniy deb va ular asosida tuzilgan yer uchastkalariga doir bitimlarni haqiqiy emas deb topishga, shuningdek yer uchastkalariga bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatiga olishni rad etishga asos bo'ladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.