Jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib-taomilini boshlash to'g'risida qaror qabul qilingan paytdan e'tiboran jismoniy shaxsning aniqlangan yoki mazkur tartib-taomil boshlanganidan keyin sotib olingan barcha mol-mulki tugatish massasini tashkil etadi, bundan «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 52-moddasida nazarda tutilgan hamda undiruvni qaratish mumkin bo'lmagan mol-mulk mustasno.
Agar undiruvni qaratish mumkin bo'lmagan mol-mulk tugatish massasiga kiritilgan bo'lsa, jismoniy shaxsning yoki to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomasiga ko'ra sudning ajrimi bilan bu mol-mulk tugatish massasidan chiqarib tashlanadi. Sudning mazkur ajrimi ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Jismoniy shaxsning va to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning asoslantirilgan iltimosnomasiga ko'ra sud qonunchilikka muvofiq ijro hujjatlari bo'yicha undiruv qaratilgan mol-mulkni tugatish massasidan chiqarib tashlashga haqli hamda uni realizatsiya qilishdan tushgan mablag'larning kreditorlar talablarini qanoatlantirishga aloqasi bo'lmaydi.
Qarzdor jismoniy shaxsning fuqarolik va oila to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq uning umumiy mol-mulkdagi ulushini tashkil etuvchi mol-mulki tugatish massasiga kiritilishi mumkin. Kreditor qarzdor jismoniy shaxsning ulushini umumiy mol-mulkdan ajratish haqida talab qo'yishga haqli.
Qarzdor jismoniy shaxs bankrot deb topilgan va uning mol-mulkini sotish tartib-taomili boshlangan kundan e'tiboran:
tugatish massasini tashkil etuvchi mol-mulkka nisbatan barcha huquqlar, shu jumladan uni tasarruf etishga doir huquq jismoniy shaxs nomidan faqat moliyaviy boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi;
tugatish massasini tashkil etuvchi mol-mulkka nisbatan jismoniy shaxs tomonidan (moliyaviy boshqaruvchining ishtirokisiz) tuzilgan bitimlar o'z-o'zidan haqiqiy bo'lmaydi. Jismoniy shaxsning o'zi (moliyaviy boshqaruvchining ishtirokisiz) shaxsan tuzgan bitimlari bo'yicha kreditorlarning talablari tugatish massasi hisobidan qanoatlantirilmaydi;
jismoniy shaxsning mol-mulkiga ilgari qo'yilgan taqiqlar va jismoniy shaxsning mol-mulkini tasarruf etishga doir boshqa cheklovlar olib tashlanadi;
neustoykalarni (jarimalarni, penyalarni) va boshqa moliyaviy sanktsiyalarni, shuningdek jismoniy shaxsning barcha majburiyatlari bo'yicha foizlarni hisoblash tugatiladi, bundan joriy to'lovlar mustasno.
Qarzdor jismoniy shaxs moliyaviy boshqaruvchisi tayinlangan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida o'z egaligidagi barcha mol-mulklarni, shu jumladan bunday mol-mulklar bo'yicha mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlarni moliyaviy boshqaruvchisiga topshirishi shart, qonunchilikka muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo'lmagan mol-mulklar bundan mustasno. Mazkur majburiyatni bajarishdan bosh tortgan qarzdor jismoniy shaxs qonunchilikka muvofiq javobgar bo'ladi.
Moliyaviy boshqaruvchi jismoniy shaxsning nomidan mol-mulkni sotish paytida:
jismoniy shaxsning banklardagi va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlari hamda omonatlari mablag'larini boshqaradi;
jismoniy shaxsning banklardagi hamda boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarini ochadi va (yoki) yopadi;
yuridik shaxs ishtirokchisining qarzdor jismoniy shaxsga tegishli bo'lgan huquqini, shu jumladan ishtirokchilarning umumiy yig'ilishida ovoz berish huquqini amalga oshiradi;
jismoniy shaxsning mulkiy huquqlariga taalluqli bo'lgan, shu jumladan jismoniy shaxsning mol-mulkini boshqa shaxsga o'tkazish yoki qaytarish, uni o'zga shaxsning egaligidan talab qilib olish haqidagi ishlarni sudlarda ko'rib chiqishda ishtirok etadi.
Qarzdor jismoniy shaxs bankrot deb topilgan va uning mol-mulkini sotish tartib-taomili boshlangan kundan e'tiboran:
qarzdor jismoniy shaxsning mol-mulkka, shu jumladan ko'chmas mulkka va qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqini boshqa shaxsga o'tkazishni yoki boshqa shaxs zimmasiga yuklatishni ro'yxatdan o'tkazish faqat moliyaviy boshqaruvchining arizasi asosida amalga oshiriladi. Jismoniy shaxsning ushbu sanaga qadar berilgan arizalari ijro etilmaydi;
qarzdor jismoniy shaxsning majburiyatlarini bajarish maqsadida pul mablag'larini yoki mol-mulkni kreditorlarga to'g'ridan-to'g'ri uchinchi shaxs tomonidan ixtiyoriy ravishda berishga yo'l qo'yilmaydi, bu mablag'lar va mol-mulk tugatish massasiga kiritiladi;
qarzdor jismoniy shaxs banklarda va boshqa kredit tashkilotlarida bank hisobvaraqlarini hamda omonatlarni ochishga va ulardan pul mablag'larini olishga haqli emas, bundan ushbu Qonun 206-moddasining to'rtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Banklar va boshqa kredit tashkilotlari, agar ular qonunchilik hujjatlariga muvofiq jismoniy shaxsga nisbatan bankrotlik va uning mol-mulkini sotish tartib-taomili joriy etilganligi to'g'risida lozim darajada xabardor qilingan bo'lsa, qarzdor jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib-taomili boshlangan kundan e'tiboran qarzdor jismoniy shaxsning mol-mulkini tasarruf etishga doir yoxud ular tomonidan jismoniy shaxsga berilgan ishonchnoma, depozit shartnomasi va (yoki) bank hisobvarag'i shartnomasi, shu jumladan bank kartasi bo'yicha operatsiyalar amalga oshirilishi uchun javobgar bo'ladi.
Jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib-taomilini boshlash to'g'risidagi qaror qabul qilingan kundan keyingi bir ish kunidan kechiktirmay jismoniy shaxs o'zida mavjud bo'lgan barcha bank kartalarini (PIN-kodni ko'rsatgan holda) moliyaviy boshqaruvchiga topshirishi shart. Ular olingan kundan keyingi bir ish kunidan kechiktirmay moliyaviy boshqaruvchi pul mablag'larini qarzdor jismoniy shaxsning alohida hisobvarag'iga o'tkazish uchun o'zi olgan bank kartalari bilan bog'liq operatsiyalarni to'xtatib turish choralarini ko'rishi shart.
Ko'p kvartirali uylarning va (yoki) boshqa ko'chmas mulk ob'yektlarining ulush kiritish asosidagi qurilishida ishtirok etish to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq ulush kiritish asosidagi qurilishda ishtirok etish haqidagi bitimga doir hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun tuzilgan shartnoma bo'yicha garovga qo'yilgan jismoniy shaxsning mol-mulki alohida hisobga olinadi va mazkur bitim bo'yicha talab qilish huquqi tugatish massasiga kiritiladi.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
219-modda. Jismoniy shaxsning mol-mulkini sotish
Oddiy tilda
**Nimani anglatadi**
Bankrot deb topilgan shaxsning barcha mol-mulki (pul, uy, mashinalar va boshqalar) moliyaviy boshqaruvchi tomonidan sotiladi. Sotilgan mol-mulkdan olingan pul kreditorlarga (qarzga olingan shaxslarga) beriladi. Bankrot shaxs o'z mol-mulkni boshqara olmaydi — faqat moliyaviy boshqaruvchi boshqaradi.
**Kimga tegishli**
Bu qoida jismoniy shaxslar (oddiy odamlar) uchun qo'llaniladi, ular qarzlarini to'lay olmasa.
**Amalda**
Akmal qarz oldi, lekin to'lay olmadi. Sud uni bankrot deb topdi. Akmalning uyini, mashinasini moliyaviy boshqaruvchi sotadi. Olingan pul Akmalning kreditorlariga beriladi.
Izoh sun’iy intellekt tomonidan tayyorlangan, rasmiy sharh emas.
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.