«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

207-modda. Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasini taqdim etish tartibi

Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish jarayonida qarzdor jismoniy shaxs va (yoki) kreditor ushbu Qonunning 143-moddasida nazarda tutilgan muddat tugagan sanadan e'tiboran o'n kun ichida jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasini moliyaviy boshqaruvchiga taqdim etishga haqli. Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasining loyihasi hamda unga ilova qilinadigan hujjatlar bilan tanishish tartibi va joyi to'g'risidagi ma'lumotlar ushbu Qonunda belgilangan tartibda e'lon qilinadi. Agar moliyaviy boshqaruvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ikki yoki undan ortiq shaxsdan jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejalarining loyihalarini olgan bo'lsa, u bunday loyihalarni kreditorlar yig'ilishiga ko'rib chiqish uchun kiritadi. Agar jismoniy shaxsning moliyaviy boshqaruvchisi ushbu moddada ko'rsatilgan muddat ichida jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasining birorta ham loyihasini olmagan bo'lsa, u qarzdor jismoniy shaxs bilan hamkorlikda jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasini ishlab chiqish choralarini ko'radi. Agar qarzdor jismoniy shaxs bunday rejani ishlab chiqishga monelik qilayotgan bo'lsa, qarzdor jismoniy shaxsning moliyaviy boshqaruvchisi kreditorlar yig'ilishiga jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib-taomilini joriy etish haqida taklif kiritadi. Moliyaviy boshqaruvchi jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasini, taqdim etilgan rejaga oid e'tirozlarni va (yoki) uni qayta ko'rib chiqish bo'yicha takliflarni (bunday e'tirozlar mavjud bo'lganda), shuningdek o'z faoliyati to'g'risidagi hisobotni, kreditorlar reyestrini, qarzdor jismoniy shaxsning moliyaviy holati haqidagi ma'lumotlarni kreditorlarning birinchi yig'ilishida ko'rib chiqish uchun taqdim etishi shart. Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasining loyihasi ushbu Qonunda belgilangan tartibda kreditorlar yig'ilishi tomonidan ko'rib chiqiladi. Jismoniy shaxsning moliyaviy boshqaruvchisi jismoniy shaxsning to'lovga qobiliyatsizligi to'g'risidagi ish bo'yicha sud muhokamasi sanasidan kamida besh kun avval sudga o'z faoliyati haqidagi hisobotni, jismoniy shaxsning moliyaviy holati to'g'risidagi ma'lumotlarni, jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o'zgartirish rejasining loyihasi ko'rib chiqilgan kreditorlar yig'ilishining bayonnomasini ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etishi shart.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.