«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

151-modda. Qarzdorning mol-mulkini sotish

Qarzdorning mol-mulki inventarizatsiya qilinganidan va baholanganidan keyin tugatish boshqaruvchisi, ushbu mol-mulkni elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida sotishga kirishadi. Qarzdorning mol-mulkini sotish tartibi va muddatlari (jadvali) kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo'mitasi tomonidan ma'qullangan bo'lishi kerak. Agar tugatish boshqaruvchisi qarzdorning mol-mulkini sotish tartibi va muddatlari to'g'risidagi o'z takliflarini kreditorlarga taqdim etgan paytdan e'tiboran bir oy ichida qarzdorning mol-mulkini sotish tartibi va muddatlari (jadvali) kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo'mitasi tomonidan ma'qullanmagan bo'lsa, kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo'mitasi yoxud tugatish boshqaruvchisi yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni hal qilish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqlidir. Mazkur kelishmovchiliklarni ko'rib chiqish yakunlariga qarab sud mol-mulkni sotish tartibi va muddatlarini (jadvalini) tasdiqlaydi, yoki tugatish boshqaruvchisini vazifasini bajarishdan ozod qiladi. Tugatishga doir ish yuritish jarayonida mol-mulkni sotish muddatlariga (jadvaliga) o'zgartirishlar kiritishni talab etuvchi holatlar yuzaga kelsa, tugatish boshqaruvchisi mazkur holatlar yuzaga kelgan paytdan e'tiboran bir oylik muddat ichida muddatlarni (jadvalni) o'zgartirish yuzasidan tegishli takliflarni ishlab chiqishi va kreditorlar yig'ilishiga yoki kreditorlar qo'mitasiga taqdim etishi shart. Qarzdorning muomalada bo'lishi cheklangan mol-mulki faqat elektron onlayn-auktsion shaklidagi yopiq kimoshdi savdosida sotilishi mumkin. Elektron onlayn-auktsion shaklidagi yopiq kimoshdi savdosida qonunga muvofiq mazkur mol-mulkka mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida ega bo'la oladigan shaxslar ishtirok etadi. Tugatish boshqaruvchisi elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosini ixtisoslashtirilgan tashkilot bilan shartnoma asosida amalga oshiradi. Elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosini o'tkazuvchi ixtisoslashtirilgan tashkilot qarzdorga va tugatish boshqaruvchisiga nisbatan manfaatdor shaxs bo'lishi mumkin emas. Qarzdorning korxonasini (biznesini) yoki uning mol-mulkining bir qismini sotish ushbu Qonunning 126 va 127-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.