«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

130-modda. Qarzdorning qo'shimcha aktsiyalarini joylashtirish

Qarzdorning to'lov qobiliyatini tiklash maqsadida tashqi boshqaruv rejasida qarzdor aktsiyadorlik jamiyatining qo'shimcha aktsiyalarini joylashtirish imkoniyati nazarda tutilishi mumkin. Qo'shimcha aktsiyalarni joylashtirish yo'li bilan ustav fondini (ustav kapitalini) ko'paytirish imkoniyati tashqi boshqaruv rejasiga faqat zaruriy qarorni qabul qilgan qarzdorning aktsiyadorlari umumiy yig'ilishining iltimosnomasiga binoan, agar bu iltimosnoma tashqi boshqaruvchiga tashqi boshqaruv tartib-taomili tugaydigan sanaga kamida olti oy qolganida yuborilgan bo'lsa, kiritilishi mumkin. Qarzdor aktsiyadorlik jamiyatining ustav fondini (ustav kapitalini) uning qo'shimcha aktsiyalarini chiqarish yo'li bilan ko'paytirish to'g'risidagi qaror kreditorlar yig'ilishi tomonidan qabul qilinadi. Agar qarzdorning ustav fondini (ustav kapitalini) uning qo'shimcha aktsiyalarini joylashtirish yo'li bilan ko'paytirish haqidagi masalani hal qilishda e'lon qilingan aktsiyalarning qarzdorning ustavida belgilangan miqdorini ko'paytirishga oid qismiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish zarur bo'lsa, u holda qarzdorning ustaviga faqat qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda o'zgartish va qo'shimchalar kiritilganidan keyin ustav fondini (ustav kapitalini) ko'paytirish to'g'risida qaror qabul qilinishi mumkin bo'ladi. Qarzdorning qo'shimcha aktsiyalarini joylashtirish asosan ularning haqini faqat pul mablag'lari bilan to'lagan holda, ochiq obuna bo'yicha amalga oshirilishi mumkin. Qarzdorning aktsiyadorlari qarzdorning joylashtiriladigan aktsiyalarini aktsiyadorlik jamiyatining o'zlariga tegishli aktsiyalari miqdoriga mutanosib miqdorda va ushbu moddaning to'rtinchi qismiga muvofiq belgilanadigan narxda sotib olishda imtiyozli huquqqa ega bo'ladi. Qo'shimcha aktsiyalar aktsiyadorlar o'rtasida joylashtirilayotgan aktsiyalarning nominal qiymatidan past bo'lmagan narxda joylashtiriladi, bunda joylashtirilayotgan aktsiyalarning hammasini mazkur narxda sotish barcha kreditorlarning talablarini to'la qanoatlantirish uchun yetarli pul mablag'lari to'planishiga olib kelishi shart. Aktsiyalarni aktsiyadorlar o'rtasida joylashtirish narxi qarzdorning tashqi boshqaruvchisi tomonidan belgilanadi va kreditorlarning umumiy yig'ilishida tasdiqlanadi. Qarzdorning qo'shimcha aktsiyalarini sotib olishda imtiyozli huquqni amalga oshirish uchun qarzdorning aktsiyadorlariga beriladigan muddat kreditorlar yig'ilishi tomonidan belgilanadi, lekin bu muddat aktsiyalarni joylashtirish boshlanadigan sanadan e'tiboran o'ttiz kundan kam bo'lishi mumkin emas. Qarzdorning aktsiyadorlari o'rtasida joylashtirilmagan qo'shimcha aktsiyalar tashqi boshqaruvchi tomonidan fond birjasi savdosida realizatsiya qilinadi. Qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida qaror qabul qilingan taqdirda, ilgari qarzdorning aktsiyadorlari bo'lmagan, qarzdorning yangi emissiyadagi aktsiyalarini sotib olgan shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda qarzdorga sotib olingan aktsiyalar summasida o'z talablarini bildirishga haqli.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.