Suv kodeksi

81-modda. Suv yetkazib beruvchi tashkilotning majburiyatlari

Suv yetkazib beruvchi tashkilot: suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishi, ulardan maqsadsiz foydalanilishiga yo'l qo'ymasligi, suvdan tejamkor ravishda foydalanishi, suvning sifatini tiklashi va yaxshilashi; belgilangan suv olish limitlariga va suvdan foydalanish tartibiga rioya etishi; suv ob'yektlari qanday maqsadlar uchun foydalanishga berilgan bo'lsa, ulardan faqat shu maqsadlarda foydalanishi; tashlama suvlar hajmining ko'payishi hollarining oldini olishi; suv yetkazib berish to'g'risida shartnomalar tuzishi va belgilangan sifatdagi suvning belgilangan miqdorda o'z vaqtida yetkazib berilishini ta'minlashi; suv yetkazib berish to'g'risidagi shartnoma bo'yicha oxirigacha olinmagan suvning o'rnini qoplashi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno; tarkibida belgilangan normadan ortiq ifloslantiruvchi moddalar mavjud bo'lgan oqova suvlarni suv ob'yektlariga oqizib yuborishni tugatish choralarini ko'rishi; suvdan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga, shuningdek suv ob'yektlariga, xo'jalik ob'yektlariga va tabiiy resurslarga (yerlarga, o'simlik va hayvonot dunyosiga, foydali qazilmalarga va boshqalarga) zarar yetkazilishiga yo'l qo'ymasligi; suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlashi, suv xo'jaligi ob'yektlarini va ulardagi inshootlarni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan maqsadli foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi; olinadigan suvning hamda suv ob'yektlariga va joy relyefiga oqizib yuboriladigan oqova suvlar hajmining hisobini yuritishi hamda vakolatli organlarga va o'ziga xizmat ko'rsatiladigan suvdan foydalanuvchilarga zarur axborotni taqdim etishi; suvni tejash va suvni tejaydigan sug'orish texnologiyalarini joriy etish, suvni yetkazib berishdagi yo'qotishlarni qisqartirish choralarini ko'rishi, suvni qonunga xilof ravishda olishning nazorat qilinishini ta'minlashi; suvlarning ifloslanishi, bulg'anishi va kamayib ketishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirishda ishtirok etishi, shuningdek yer usti va yer osti suvlari to'planadigan maydonlarning ifloslanishiga yo'l qo'ymasligi; suv ob'yektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil bo'yi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalarini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish tartibi va shartlariga rioya etishi; suvlardan foydalanilishi va ularning muhofaza qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning vakillarini o'zining suv xo'jaligi ob'yektlariga belgilangan tartibda kiritishi hamda ularga zarur axborot taqdim etishi; suvlarning va suv ob'yektlarining holatiga ta'sir etadigan avariyalar hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganligi to'g'risida suvdan foydalanuvchilarni, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini o'z vaqtida xabardor qilishi, shuningdek ularning oqibatlarini bartaraf etish bo'yicha ishlarni amalga oshirishda ishtirok etishi; baliqlarni, boshqa suv florasi va faunasini muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishi shart. Suv yetkazib beruvchi tashkilotning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo'lishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.