Suvni muhofaza qilish zonalariga va sanitariya muhofazasi zonalariga kiritilgan yerlar, yerlardan foydalanuvchilardan va ijarachilardan olib qo'yilmaydi hamda ular tomonidan ushbu Kodeksning 24-bobida belgilangan talablarga rioya etgan holda foydalaniladi, bundan sohil bo'yi va sanitariya-himoya mintaqalarining yerlari mustasno.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari bilan:
daryolarning va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlarining sohil bo'yi mintaqalari ekologik, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini va boshqa tadbirlarni o'tkazish, shuningdek yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarga;
suv xo'jaligi ob'yektlarining sohil bo'yi mintaqalari ushbu ob'yektlardan foydalanishni, ularni rekonstruktsiya qilishni, ta'mirlashni va tiklashni, suv resurslarining oqilona boshqarilishini va hisobi yuritilishini ta'minlash, ekologik, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini va boshqa tadbirlarni o'tkazish, shuningdek yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun ushbu ob'yektlardan foydalanuvchi tashkilotlarga beriladi.
Kanallarning, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil bo'yi mintaqalaridagi tuproq uyumlari uchun maydonlar foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishuvga ko'ra, tuproq uyumlarini olib tashlash va rejalashtirish ishlarini bajarish orqali qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek tuproq uyumlaridan qurilish materiallari sifatida foydalanish uchun fermer va dehqon xo'jaliklariga hamda boshqa tashkilotlarga muddatli (vaqtincha) foydalanishga yoki shartnoma asosida ijaraga berilishi mumkin.
Ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti va mineral suvlar manbalari sanitariya muhofazasi zonalarining birinchi mintaqalari yer uchastkalari bilan birgalikda suv olish inshootlari va boshqa inshootlar qurish uchun ushbu inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlarga belgilangan tartibda foydalanishga beriladi.
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining, daryolarning va boshqa tabiiy suv oqimlarining, shuningdek suvi ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti ehtiyojlari uchun foydalaniladigan kanallarning suvni muhofaza qilish zonalarida quyidagilar taqiqlanadi:
o'simliklar zararkunandalari va kasalliklariga, begona o'tlarga qarshi ishlatiladigan zaharli kimyoviy vositalarning har qanday turlarini qo'llash va ko'mish;
zaharli kimyoviy vositalar, pestitsidlar, gerbitsidlar va mineral o'g'itlar saqlanadigan omborlarni, zaharli kimyoviy vositalar apparatlari to'ldiriladigan maydonchalarni, aviatsiya-kimyo ishlarini olib borish uchun uchish-qo'nish polosalarini qurish;
markazlashgan oqova suvlarini chiqarib yuborish tarmoqlari bo'lmagan yangi turar joy va turizm majmualarini qurish;
oqova suvlarini tozalash inshootlarini va oqova suvlarning turli xil sig'imlarini (to'plagichlarini) barpo etish;
yangi dafn etish joylarini joylashtirish, shuningdek mavjud dafn etish joylariga ko'mish;
chorvachilik va parrandachilik fermalarini qurish, hayvonlar ko'miladigan joylarni (hayvonlar, parrandalar va baliqlarni ko'mish joylarini) tashkil etish;
axlatlarni, shu jumladan kimyoviy va radioaktiv moddalarni ishlab chiqarish chiqindilarini joylashtirish, shuningdek sug'orish uchun suyuq go'ng ishlatish;
to'xtash joylarini, yonilg'i-moylash materiallarini quyish shoxobchalarini, transport vositalariga va boshqa texnikaga texnik xizmat ko'rsatish, ularni ta'mirlash va yuvish joylarini barpo etish;
qor qoplami ustidan o'g'it solish, tarkibida go'ng bo'lgan, zararsizlantirilmagan oqova suvlardan o'g'itlar sifatida foydalanish, shuningdek tozalanmagan sanoat va xo'jalik-maishiy oqova suvlarni oqizib yuborish;
chorva mollarini tartibsiz o'tlatish, ayniqsa jarlik-botqoq tarmog'ining tarkibiy qismlarida o'tlatish, yaylovlarni payhon qilish;
daraxtzor va butazorlarni kesish, bundan o'rmonni parvarishlash uchun kesish va sanitariya jihatidan kesish mustasno.
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining, daryolarning va boshqa suv oqimlarining, shuningdek yer osti chuchuk suvlari shakllanadigan hududlarning suvni muhofaza qilish zonalarida suvlarning holatiga ta'sir etuvchi, qurilish, o'zan tubini chuqurlashtirish, sohillarni himoya qilish va portlatish ishlari, foydali qazilmalarni qazib olish va suv o'simliklarini olish, ularni qayta ishlash, quvurlar tarmoqlari, kabellar va boshqa kommunikatsiyalar o'tkazish, burg'ilash, qishloq xo'jaligi ishlari va boshqa ishlar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi organlari va yer tuzish organlari, shuningdek tog'-kon sanoati va geologiya organlari, favqulodda vaziyatlar organlari va suv xo'jaligi organlari bilan kelishuvga ko'ra, faqat mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarori bilan amalga oshirilishi kerak.
Suv omborlari va boshqa suv havzalarining tegishli suv sathlari chizig'idan 2 kilometr masofagacha bo'lgan qishloq xo'jaligi yerlariga va o'rmonzorlarga zaharli kimyoviy vositalarni aviatsiya yordamida sepish taqiqlanadi.
Sohil bo'yi mintaqalari doirasida ushbu moddaning beshinchi qismida ko'rsatilgan cheklovlarga qo'shimcha ravishda quyidagilar taqiqlanadi:
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlari, suv xo'jaligi organlari, shuningdek suv xo'jaligi ob'yektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishilmagan holda qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirish (bundan yosh ko'chatlar orasiga ekilgan vaqtinchalik ekinlar mustasno);
organik va mineral o'g'itlarni saqlash va qo'llash;
chorva mollarini saqlash va boqish joylarini tashkil etish;
har qanday turdagi doimiy va vaqtinchalik binolar va inshootlarni qurish (bundan suv xo'jaligi ob'yektlarini qurish mustasno);
ushbu maqsadlar uchun maxsus ajratilgan joylardan tashqari chodirlar shaharchalarini, qayiqlar prichallarini barpo etish;
mineral o'g'itlardan bo'shagan idishlarni saqlash va yo'q qilish;
mineral o'g'itlarni transportda tashish va sepish uchun foydalanilgan idishlarni, mashinalarni va jihozlarni tozalash va yuvish;
junni, kanop va terini yuvish.
Ushbu moddaning sakkizinchi qismida ko'rsatilgan qoidalar oqova suvlarini chiqarib yuborish tizimiga yoki filtrlash o'ralariga ulangan, ilgaridan mavjud bo'lgan turar joy ob'yektlariga, ommaviy dam olish hududlariga va turistik majmualarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Daryolar o'zanlarini o'zgartirishga, ulardan foydali qazilmalarni qazib olishga va suv ob'yektlarining holatiga ta'sir qiladigan boshqa ishlarni olib borishga, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlarining, suv xo'jaligi organlarining, tog'-kon sanoati va geologiya organlarining ruxsatnomasi belgilangan tartibda olinganidan keyin yo'l qo'yiladi.
lex.uz’dagi asl matn134-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarida, sanitariya muhofazasi zonalarida va sohil bo'yi mintaqalarida xo'jalik faoliyatini amalga oshirish rejimi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.