Suv ob'yektlarining tuproq eroziyasi mahsulotlari bilan bulg'anishi, ifloslanishi, kamayishi va loyqa cho'kishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, shuningdek qulay suv rejimini saqlash, foydalanish hamda ta'mirlash-tiklash ishlarini olib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida suv ob'yektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil bo'yi mintaqalari belgilanadi.
Aholining ichimlik, xo'jalik-maishiy va davolash-sog'lomlashtirish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suvlarni muhofaza qilish maqsadida suv ob'yektlarining sanitariya muhofazasi zonalari belgilanadi.
Suv ob'yektlarining belgilangan maqsadidan, joylashgan o'rnidan va texnik ko'rsatkichlaridan kelib chiqqan holda suv ob'yektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida, sohil bo'yi mintaqalarida va sanitariya muhofazasi zonalarida xo'jalik faoliyatining maxsus rejimi belgilanadi.
Suv ob'yektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil bo'yi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari tegishli loyihalar asosida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlarining, tog'-kon sanoati va geologiya organlarining, shuningdek suv ob'yektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning takliflari bo'yicha belgilanadi.
Suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash va ulardan sohil bo'yi mintaqalarini ajratish, shuningdek sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash va ulardan sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish bo'yicha loyihalar (bundan buyon matnda loyihalar deb yuritiladi):
tabiiy suv ob'yektlari bo'yicha — har bir shunday suv ob'yekti bo'yicha alohida;
suv xo'jaligi ob'yektlari bo'yicha — qurish, rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash va tiklash loyihalari tarkibida yoki alohida;
aholining ichimlik, xo'jalik-maishiy va davolash-sog'lomlashtirish suv manbalarining sanitariya muhofazasi zonalari bo'yicha — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasining organlari tomonidan ishlab chiqiladi.
Quyidagilar loyihalarni ishlab chiqish bo'yicha buyurtmachilar hisoblanadi:
tabiiy yer usti suv ob'yektlari bo'yicha — tegishliligi bo'yicha suv xo'jaligi, shuningdek ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlari;
yer osti suv ob'yektlari bo'yicha — tog'-kon sanoati va geologiya organlari;
suv xo'jaligi ob'yektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash va tiklash loyihalari tarkibida ishlab chiqilganda — mazkur loyihalarning ixtisoslashgan buyurtmachi tashkilotlari;
suv xo'jaligi ob'yektlari bo'yicha alohida ishlab chiqilganda — ushbu ob'yektlardan foydalanuvchi tashkilotlar.
Loyihalar yer tuzish ishlarini amalga oshirish vazifalari zimmasiga yuklatilgan tashkilotlar tomonidan, zarur bo'lgan taqdirda esa boshqa loyiha tashkilotlarini jalb etgan holda ishlab chiqiladi.
Loyihalar dala tadqiqotlari va topografik izlanishlar, gidrologik, gidrogeologik, muhandislik-geologik, sanitariya-epidemiologik, agrotexnik, tuproq va geobotanik ma'lumotlar asosida, murakkab geologik va gidrogeologik sharoitli suv ob'yektlari bo'yicha esa qo'shimcha ilmiy-tadqiqot ishlari hamda ushbu Kodeksning 25-bobida nazarda tutilgan talablar asosida ishlab chiqilib, keyinchalik belgilangan tartibda ekspertizadan o'tkaziladi.
Suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda ulardan sohil bo'yi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish ishlari buyurtmachilarning takliflariga ko'ra ularning loyiha hujjatlari asosida:
tuman va viloyat ahamiyatiga ega bo'lgan suv ob'yektlari bo'yicha — Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar hokimliklarining, Toshkent shahar hokimligining;
transchegaraviy, viloyatlararo va respublika ahamiyatiga ega bo'lgan suv ob'yektlari bo'yicha, shuningdek respublika ahamiyatiga ega bo'lgan kurortlar va sanatoriylarning mineral suv manbalari hamda boshqa davolash vositalari bo'yicha — O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etiladi.
Suv ob'yektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash, shuningdek ulardan sohil bo'yi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish ishlari quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
buyurtmachi tashkilot tomonidan dastlabki bosqichda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlarining, qishloq xo'jaligi organlarining, suv xo'jaligi organlarining, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi organlarining, tog'-kon sanoati va geologiya organlarining tegishli taqdimnomalarini (xulosalarini) olish ta'minlanadi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan loyihani yer tuzish ishlarini bajarish vazifasi zimmasiga yuklatilgan tashkilotlarni shartnoma asosida jalb qilgan holda ishlab chiqish tashkil etiladi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan loyiha ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlarida, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasining organlarida (suvi ichimlik, xo'jalik-maishiy va davolash-sog'lomlashtirish maqsadlarida ishlatiladigan ob'yektlar bo'yicha), tog'-kon sanoati va geologiya organlarida (tabiiy yer osti suv ob'yektlari bo'yicha), suv xo'jaligi organlarida (yer usti suv ob'yektlari bo'yicha), shuningdek boshqa manfaatdor tashkilotlarda belgilangan tartibda ekspertizadan o'tkaziladi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda ulardan sohil bo'yi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish bo'yicha takliflar tayyorlanadi hamda belgilangan tartibda, tegishliligiga ko'ra Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda ulardan sohil bo'yi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish bo'yicha kiritilgan takliflar Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ko'rib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.
Yerlarni bir toifadan boshqasiga o'tkazishni nazarda tutuvchi sohil bo'yi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish bo'yicha takliflarni ko'rib chiqish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Buyurtmachi tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda muhandislik, irrigatsiya-melioratsiya, sanitariya-texnika va boshqa suvni muhofaza qilish tadbirlarini rejalashtirish va amalga oshirish ta'minlanadi.
lex.uz’dagi asl matn125-modda. Suv ob'yektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil bo'yi mintaqalari, sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.