«Sug'urta faoliyati to'g'risida»gi qonun

62-modda. Sug'urta siri

(62-модданинг бешинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 22 июндаги ЎРҚ 1154-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.06.2026 й., 03/26/1154/0618-сон)

Sug'urta qildiruvchilar, sug'urtalangan shaxslar va naf oluvchilar to'g'risidagi, sug'urta qildiruvchilar hamda sug'urtalangan shaxslar sog'lig'ining holati, sug'urtalangan mol-mulk, sug'urta summasi haqidagi, bank hisobvaraqlarining mavjudligi, ushbu hisobvaraqlardagi pul qoldiqlari va pul harakati to'g'risidagi ma'lumotlar oshkor qilinmaydi. Sug'urta faoliyatini amalga oshirishning umumiy shartlari, taklif etilayotgan sug'urta bitimlari va operatsiyalarining ro'yxati, sug'urta tariflari, sug'urta turlari hamda muddatlari ochiq axborot bo'lib, sug'urta siri predmeti bo'lishi mumkin emas. Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan ma'lumotlar sug'urta qildiruvchining, shuningdek sug'urtalangan shaxslarning va naf oluvchilarning o'ziga taalluqli ma'lumotlarga doir yozma roziligi asosida uchinchi shaxslarga oshkor qilinishi mumkin. Sug'urtalovchilar transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish bilan bog'liq ma'lumotlar to'g'risidagi ma'lumotnomalarni Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish bo'yicha to'lovlarni kafolatlash jamg'armasiga sug'urta qildiruvchining roziligini olmagan holda, belgilangan tartibda taqdim etadi. Sug'urtalovchilar ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan ma'lumotlar to'g'risidagi ma'lumotnomalarni sudga, prokurorga, qo'zg'atilgan jinoyat ishi mavjud bo'lgan taqdirda esa surishtiruv va tergov organlariga, sudning undiruvni sug'urta qildiruvchining mol-mulkiga qaratish yoki bu mol-mulkni xatlash haqidagi qonuniy kuchga kirgan qarori mavjud bo'lgan taqdirda, davlat ijrochilariga, shuningdek qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan nazorat qilish maqsadida vakolatli davlat organiga sug'urta qildiruvchilarning roziligini olmagan holda, belgilangan tartibda taqdim etadi. Sug'urtalovchilar ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan ma'lumotlar to'g'risidagi ma'lumotnomalarni, bundan sug'urta qildiruvchilar va sug'urtalangan shaxslar sog'lig'ining holati to'g'risidagi, bank hisobvaraqlari mavjudligi, ushbu hisobvaraqlardagi pul qoldiqlari va pul harakati haqidagi ma'lumotlar mustasno, qonunchilikda majburiy sug'urta bo'yicha belgilangan majburiyatlarning sug'urta qildiruvchilar tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi tegishli davlat boshqaruvi organlariga sug'urta qildiruvchilarning roziligini olmagan holda, belgilangan tartibda taqdim etadi. Vakolatli davlat organi barcha sug'urta shartnomalarini ro'yxatga oluvchi va sug'urta polislarini rasmiylashtiruvchi Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida sug'urta sirini tashkil etuvchi ma'lumotlarni to'plash, saqlash va qayta ishlashni amalga oshiradi. Tuzilgan sug'urta shartnomalari va amalga oshirilgan hisob-kitoblar to'g'risidagi ma'lumotnomalar sug'urta qildiruvchi jismoniy shaxs vafot etgan taqdirda quyidagilarga beriladi: sug'urta qildiruvchi o'z vasiyatnomasida ko'rsatgan shaxsga; sudga va notariusga — ularning ish yurituvida bo'lgan merosga oid ishlar bo'yicha sudning qarori yoki notariusning o'z muhri bilan tasdiqlangan yozma so'rovi asosida. Notariusning yozma so'roviga sug'urta qildiruvchi vafot etganligi to'g'risidagi guvohnomaning ko'chirma nusxasi ilova qilingan bo'lishi kerak; konsulga — uning ish yurituvida bo'lgan merosga oid ishlar yuzasidan. Sug'urtalovchilar va sug'urta vositachilari pul mablag'lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog'liq operatsiyalar to'g'risidagi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg'in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog'liq bo'lgan axborotni «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg'in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq maxsus vakolatli davlat organiga qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda taqdim etadi. Tuzilgan sug'urta shartnomalari to'g'risidagi ma'lumotlar qonunchilikda belgilangan tartibda kredit byurolariga taqdim etiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.