Soliq kodeksi

423-modda. Soliqni hisoblab chiqarish va to'lash tartibi

(423-модданинг саккизинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 30 декабрдаги ЎРҚ-1109-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 30.12.2025 й., 03/25/1109/1241-сон)

Soliqni hisoblab chiqarish soliq solish ob'yekti joylashgan yerdagi soliq organlari tomonidan: ushbu Kodeks 419-moddasining 1, 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan ob'yektlar bo'yicha — ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishni amalga oshiruvchi organning ma'lumotlari asosida; ushbu Kodeks 419-moddasining 2-bandida nazarda tutilgan ob'yektlar bo'yicha — ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishni amalga oshiruvchi organning ma'lumotlari hamda ushbu Kodeks 420-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi va uchinchi qismi asosida amalga oshiriladi. Soliq summasi 1 yanvar holatiga ko'ra ushbu Kodeksning 420-moddasiga muvofiq aniqlangan soliq bazasidan va belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Soliq to'lovchi tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo'ljallangan, yashash uchun mo'ljallanmagan ko'chmas mulk ob'yektlari joylashgan yerdagi soliq organlariga baholovchi tashkilotlar tomonidan o'tkazilgan, shu jumladan o'tgan ikki yil ichida o'tkazilgan mustaqil baholash natijalarini (mavjud bo'lgan taqdirda), shuningdek qonunchilikda belgilangan eng kam qiymat tatbiq etilmaydigan ko'chmas mulk ob'yektlari ro'yxatini taqdim etishga haqli. Bir necha mulkdorlarining umumiy ulushli mulki bo'lgan imoratlar, binolar va inshootlar uchun soliq har bir mulkdor tomonidan ularning ushbu imoratlar, binolar va inshootlardagi ulushiga mutanosib ravishda to'lanadi. Mol-mulkka bo'lgan mulk huquqi kalendar yil mobaynida bir mulkdordan boshqasiga o'tgan taqdirda, soliq avvalgi mulkdor tomonidan shu yilning 1 yanvaridan e'tiboran u mol-mulkka bo'lgan mulk huquqini yo'qotgan oyning boshlanishiga qadar, yangi mulkdor tomonidan esa, unda mulk huquqi vujudga kelgan oydan e'tiboran to'lanadi. Yangi imoratlar, binolar va inshootlar bo'yicha soliq mulk huquqi yuzaga kelgan oydan e'tiboran to'lanadi. Meros bo'yicha o'tgan mol-mulk uchun soliq merosxo'rda mulk huquqi vujudga kelgan oydan e'tiboran to'lanadi. Soliq solish ob'yekti yo'q qilingan, vayron bo'lgan yoki buzib tashlangan taqdirda, soliqni undirish mol-mulk yo'q qilingan, vayron bo'lgan yoki buzib tashlangan oydan e'tiboran tugatiladi. Soliq summasini qayta hisob-kitob qilish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi yoki fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi tomonidan berilgan yo'q qilinganlik, vayron bo'lganlik yoki buzib tashlanganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo'lgan taqdirda, amalga oshiriladi. Kalendar yil mobaynida imtiyozlarga bo'lgan huquq vujudga kelgan (tugagan) taqdirda, soliqni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq vujudga kelgan (tugagan) oydan e'tiboran amalga oshiriladi. Soliqni to'lash to'g'risidagi to'lov xabarnomasi soliq organlari tomonidan soliq to'lovchilarga imzo qo'ydirilgan holda yoki mavjud bo'lgan taqdirda, soliq to'lovchining shaxsiy kabinetiga elektron tarzda, soliq to'lovchining nomiga rasmiylashtirilgan uyali telefon raqamiga va soliq organlarining maxsus mobil ilovasiga SMS-xabarnoma tarzida, shuningdek to'lov xabarnomasi olinganligini va olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usulda har yili 1 martdan kechiktirmay topshiriladi. Soliq davri uchun soliqni to'lash teng ulushlarda 15 aprelga va 15 oktyabrga qadar amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.