Soliq kodeksi

121¹-modda. Soliq qarzini undirishni soliq to'lovchining debitorlik qarziga qaratish

(121¹-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 25 декабрдаги ЎРҚ-1108-сонли Қонунига асосан киритилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 25.12.2025 й., 03/25/1108/1217-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 1 январь)

Soliq qarzi mavjud bo'lgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq organiga soliq qarzini o'z debitori hisobidan undirishni so'rab murojaat qilishga haqli. Murojaatga o'zaro tasdiqlangan yoki bir tomonlama imzolangan hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi ilova qilinishi lozim. Soliq to'lovchi soliq qarzini o'z debitori hisobidan undirishni so'rab murojaat qilgan taqdirda, soliq organi soliq to'lovchi tomonidan taqdim etilgan bir tomonlama imzolangan solishtirma dalolatnomaning va kreditorlik qarzi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarning ko'chirma nusxasini uch ish kunidan kechiktirmay debitorning shaxsiy kabinetiga solishtirma dalolatnomani imzolash uchun yoki imzolashni rad etish uchun bildirish xati bilan birga yuboradi. Soliq to'lovchining debitori bildirish xati olingan kundan e'tiboran o'n ish kuni ichida o'zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini imzolashi (tasdiqlashi) yoki solishtirma dalolatnomada ko'rsatilgan qarz mavjud emasligini asoslagan holda rad javobini berishi shart. Soliq to'lovchining debitori tomonidan soliq organining bildirish xatiga rad javobi taqdim etilmagan yoki u javobsiz qoldirilgan taqdirda, debitorlik qarzi tan olingan va soliq to'lovchining soliq qarzini debitor hisobidan undirishga rozilik berilgan deb hisoblanadi. Agar soliq to'lovchining debitori tomonidan tan olingan qarz summasi solishtirma dalolatnomada ko'rsatilgan summadan farq qilsa, debitor bildirish xati olingan kundan e'tiboran o'n ish kuni ichida soliq organiga o'zi tan olgan summani ko'rsatgan holda solishtirma dalolatnomani taqdim etishi shart. Soliq to'lovchining debitori tomonidan imzolangan yoki elektron hujjat shaklida tasdiqlangan o'zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi kreditorning imzosi mavjudligidan yoki mavjud emasligidan qat'i nazar, uning kreditori soliq qarzini undirishni unga qaratishi uchun asos bo'ladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan majburiyat soliq to'lovchining debitori tomonidan bajarilmagan taqdirda, undiruv soliq to'lovchi taqdim etgan solishtirma dalolatnoma asosida amalga oshiriladi. Soliq organi uch ish kunidan kechiktirmay debitorlarning bank hisobvaraqlariga soliq to'lovchining soliq qarzi summasidan va debitorlik qarzi summasidan oshmaydigan miqdorda undirish to'g'risida inkasso topshiriqnomasi taqdim etadi. Soliq organi tomonidan o'zida mavjud bo'lgan yoki boshqa manbalardan olingan ma'lumotlar asosida yoxud soliq tekshiruvlari natijasida soliq to'lovchining debitorlik qarzi mavjudligi mustaqil ravishda aniqlangan hollarda, soliq qarzini undirish ushbu moddada belgilangan tartibda soliq to'lovchining debitorlik qarziga qaratilishi mumkin. Bunda soliq to'lovchining debitorlik qarzi aniqlangan kundan e'tiboran uch ish kunidan kechiktirmay bu haqda soliq to'lovchining o'ziga va debitoriga soliq to'lovchining shaxsiy kabineti orqali bildirish xati yuboriladi. Soliq to'lovchi va uning debitori soliq organining bildirish xatini ushbu bildirish xati olingan kundan e'tiboran o'n ish kunidan kechiktirmay tasdiqlashi yoki asoslangan holda rad etishi lozim. Bildirish xati javobsiz qoldirilgan taqdirda, debitorlik (kreditorlik) qarzi tan olingan deb hisoblanadi. Soliq organining ushbu moddaga muvofiq taqdim etilgan inkasso topshiriqnomasining ijrosini banklar tomonidan ta'minlash yoki soliq organi tomonidan undirish, ijrosiz chaqirib olish ushbu Kodeksning 121-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Debitorlik qarzi soliq to'lovchiga to'lab berilganligi haqida asoslovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda yoki sud qarori asosida inkasso topshiriqnomasi soliq organi tomonidan uch ish kunidan kechiktirmay ijrosiz qaytarib olinadi. Soliq to'lovchi bilan uning debitori o'rtasidagi o'zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasida quyidagi ma'lumotlar ko'rsatilgan bo'lishi kerak: soliq to'lovchi va uning debitorining nomi, ularning identifikatsiya raqami; soliq to'lovchi va uning debitori soliq hisobida turgan joydagi soliq organining nomi; soliq to'lovchi va uning debitorining bankdagi hisobvaraqlari rekvizitlari; debitorning soliq to'lovchi oldidagi qarz summasi; soliq to'lovchi va uning debitorining elektron hujjat shaklida tasdiqlangan imzolari; soliq to'lovchi va uning debitori o'rtasida o'zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi tuzilgan sana. Soliq to'lovchi bilan uning debitori o'rtasidagi o'zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi elektron hujjat shaklida tuziladi. O'zbekiston Respublikasi Soliq qo'mitasi soliq to'lovchilarga o'zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini elektron hujjat shaklida taqdim etish, tasdiqlash (qisman tasdiqlash) yoki rad etish imkoniyatini yaratadi. Quyidagi hollarda soliq qarzini undirish soliq to'lovchining debitorlik qarziga qaratilmaydi, agar: debitorlik qarz summasi asoslangan holda rad etilgan bo'lsa; da'vo muddati o'tgan bo'lsa; debitordan undirilishi lozim bo'lgan qarz summasi bo'yicha sud hujjati majburiy ijro organining ish yurituvida bo'lsa yoki uni ijroga taqdim etish muddati o'tgan bo'lsa yoxud ushbu sud hujjati bo'yicha ijro harakatlari belgilangan tartibda to'xtatib turilgan, tugatilgan yoki kechiktirilgan (bo'lib-bo'lib ijro etilgan) bo'lsa; u O'zbekiston Respublikasining soliq to'lovchisi bo'lmasa; u jismoniy shaxs bo'lsa; debitor tugatilish jarayonida bo'lsa yoki unga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida ish qo'zg'atilgan bo'lsa; debitorning faoliyati tugatilgan yoki yuridik shaxslarning davlat reyestridan chiqarilgan bo'lsa. Soliq organi tomonidan undiruvning debitorlik qarziga qaratilishi soliq to'lovchini soliq qarzi to'languniga qadar soliqlarni to'lash majburiyatidan ozod qilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.