Yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari, qurish loyihalari va qoidalari bilan belgilanadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yer uchastkalari berilayotganda yuridik va jismoniy shaxslarni yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari to'g'risidagi axborot bilan ta'minlaydi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga qurish uchun yer uchastkalari berilayotganda (realizatsiya qilinayotganda) mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga nisbatan quyidagi shaharsozlik talablari va yer uchastkasini saqlash vazifalari belgilanishi mumkin:
maxsus vakolatli davlat organining hududiy bo'linmalari tomonidan berilgan arxitektura-rejalashtirish topshirig'iga binoan hududni qurish loyihasini ishlab chiqish bo'yicha;
qurilishga tutash bo'lgan umumiy foydalanishdagi hududni obodonlashtirish bo'yicha;
ob'yektlar qurilishini boshlash va tamomlash muddatlariga rioya etish bo'yicha.
Ob'yekt qurilishi qurilish boshlangan sanadan e'tiboran ikki yil ichida yoki shaharsozlik hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan taqdirda, ob'yekt tugallanmagan deb hisoblanadi.
Yangi qurilish mazkur qurilish hududi aholisining tegishli xizmatlar bilan ta'minlanishi shaharsozlik normalari va qoidalarida nazarda tutilgan normalardan pasayishiga olib keladigan bo'lsa, yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalari ular muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarning qo'shimcha ob'yektlarini qurishda ulushli ishtirok etganda berilishi (realizatsiya qilinishi) mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi qismida ko'rsatilgan talablar va yer uchastkasini saqlash vazifalari yer uchastkasiga bo'lgan huquqlar boshqa shaxsga o'tgan taqdirda saqlanib qoladi.
Ushbu moddaning uchinchi, to'rtinchi va beshinchi qismlari yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun berilgan (realizatsiya qilingan) yer uchastkalarida amalga oshiriladigan qurilishga nisbatan qo'llanilmaydi.
Yer uchastkasiga bo'lgan huquqni tasdiqlaydigan hujjatlarda quyidagilar ko'rsatilishi kerak:
hududiy zonaning qurish qoidalarida belgilangan kodi;
doirasida yer uchastkasi joylashgan hududiy zonaning funktsional maqsadi;
yer uchastkasi yoki uning qismi madaniy meros ob'yektlarini muhofaza qilish zonalarining, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning va suvni muhofaza qilish zonalarining chegaralarida, shuningdek tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning ta'siriga duchor bo'lgan hududlar va aholi punktlarining hamda foydalanilishiga qonunda cheklovlar belgilanadigan boshqa hududlarning chegaralarida joylashganligi;
yer uchastkasi chegaralarida muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar ob'yektlarining mavjudligi ushbu ob'yektlarning ko'rsatkichlari va ulardan foydalanishga doir cheklovlar ko'rsatilgan holda;
yer uchastkasi chegaralarida yer uchastkasining mulkdoriga, egasiga yoki bu uchastkadan foydalanuvchiga tegishli bo'lmagan binolar va inshootlarning mavjudligi ushbu yer uchastkasida ko'rsatib o'tilgan ob'yektlar joylashganligi munosabati bilan undan foydalanishga doir cheklovlar ko'rsatilgan holda.
Yer uchastkalari bo'lib berilayotganda yoki ularning chegaralari va ko'rsatkichlari o'zgarganda qizil chiziqlarga, qurishni tartibga solish chiziqlariga hamda shaharsozlik reglamentlarining eng kichik o'lchamdagi yer uchastkalariga doir talablariga rioya etiladi.
Yer uchastkalari hamda ularda joylashgan binolar, inshootlar va boshqa ob'yektlar bo'lingan taqdirda ularning qismlari mustaqil ob'yektlar sifatida ishlab turishi uchun shart-sharoitlar ta'minlanishi kerak.
lex.uz’dagi asl matn79-modda. Aholi punktlarida yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.