«Qurol to'g'risida»gi qonun

21-modda. Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o'q-dorilarini saqlash

(21-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2022 йил 31 майдаги ЎРҚ-772-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 01.06.2022 й., 03/22/772/0460-сон — 2022 йил 2 сентябрдан кучга киради)

O'zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari, fuqarolari, O'zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar ichki ishlar organlarining qurolni saqlashga yoki saqlash va olib yurishga doir ruxsatnomalari asosida fuqaroviy hamda xizmat qurolini va uning o'q-dorilarini saqlash huquqiga ega. Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o'q-dorilari ularning but saqlanishini, xavfsiz saqlanishini ta'minlaydigan hamda ulardan begona shaxslar foydalanishini istisno etadigan sharoitlarda, qulflanadigan seyflarda yoki metall shkaflarda saqlanishi kerak. Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o'q-dorilarini saqlash yuridik shaxslar tomonidan alohida ajratilgan, maxsus jihozlangan va texnik jihatdan mustahkamlangan, qo'riqlash-yong'in signalizatsiyasi, qo'riqlash va jismoniy himoyaning boshqa texnik vositalari bilan jihozlangan qurolxonalardagi qulflanadigan seyflarda yoki metall shkaflarda amalga oshiriladi. Sport o'qotar qurolini va uning o'q-dorilarini, shu jumladan soyli stvolli sport qurolini yoki og'iz qismidagi quvvat 3 jouldan yuqori va kalibri 4,5 millimetrdan ortiq bo'lgan pnevmatik sport qurolini, shuningdek tig'li sovuq va uloqtirish sport qurolini saqlash sport ob'yektlari hududida jihozlangan qurolxonalardagi qulflanadigan seyflarda yoki metall shkaflarda amalga oshiriladi. Fuqaroviy qurolni va uning o'q-dorilarini saqlash O'zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan ularning doimiy yashash joyida amalga oshiriladi. Ov yoki otish sporti bilan shug'ullanishni amalga oshirish chog'ida O'zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan fuqaroviy qurolni va uning o'q-dorilarini saqlash begona shaxslarning quroldan foydalanishini istisno etadigan shartlarga rioya etgan holda amalga oshirilishi kerak. Chet el fuqarolari tomonidan O'zbekiston Respublikasida vaqtincha bo'lish davrida olingan fuqaroviy qurolni va uning o'q-dorilarini saqlashga fuqaroviy qurol hamda uning o'q-dorilari olingandan keyin besh kun mobaynida ruxsat etiladi. Chet el fuqarolari tomonidan O'zbekiston Respublikasi hududiga ov qilish, sport tadbirlarida ishtirok etish yoki ko'rgazmaga qo'yish maqsadlarida olib kirilgan fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o'q-dorilarini vaqtincha saqlash chet el fuqarolariga taklifnomani rasmiylashtirgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Jismoniy va yuridik shaxslarning o'zi topib olgan yoki o'ziga topshirilgan, lekin o'zi mulkdori bo'lmagan qurolni hamda uning o'q-dorilarini saqlashi va ulardan foydalanishi taqiqlanadi. Bunday qurol hamda uning o'q-dorilari darhol, biroq bir sutkadan kechiktirmay ichki ishlar organlariga topshirilishi lozim. Qurolni va uning o'q-dorilarini o'z ixtiyori bilan topshirganlik uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdirlash choralari belgilanishi mumkin. O'qotar qurolni va uning o'q-dorilarini ixtiyoriy tartibda topshirgan shaxslarga uni olish bo'yicha imtiyozli huquq beriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.