Emitent (davlat qimmatli qog'ozlari emitenti bundan mustasno) axborotni:
qimmatli qog'ozlar emissiya risolasida;
emitentning yilning har choragidagi va yillik hisobotida;
emitentning faoliyatidagi muhim faktlar to'g'risidagi xabarlarda oshkor qiladi.
Qimmatli qog'ozlar emissiya risolasida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:
emitentning to'liq va qisqartirilgan nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), bank rekvizitlari, yuridik shaxslarni davlat ro'yxatidan o'tkazuvchi organlar (bundan buyon matnda ro'yxatdan o'tkazuvchi organ deb yuritiladi), davlat statistikasi va soliq xizmati organlari tomonidan berilgan ro'yxatdan o'tkazish va identifikatsiya raqamlari;
oxirgi uch yildagi yoki, agar emitent faoliyatni uch yildan kamroq muddat mobaynida amalga oshirayotgan bo'lsa, har bir tugallangan yil uchun buxgalteriya balanslari va moliyaviy natijalar to'g'risidagi hisobotlar;
faoliyatning asosiy yo'nalishlari va ishlab chiqarilayotgan mahsulot (xizmat) turlari;
mustaqil reyting bahosi, agar uning shunday bahosi bo'lsa, tegishli izohlari bilan;
emitentning kuzatuv kengashi va ijroiya organi tarkibiga kiruvchi shaxslar ro'yxati, emitent aktsiyalarining ularga tegishli miqdori (ustav fondidagi ulushlari miqdori) to'g'risidagi ma'lumotlar;
emitent filiallari va vakolatxonalarining, shu'ba va tobe jamiyatlarining joylashgan yeri (pochta manzili) ko'rsatilgan ro'yxati;
emitent affillangan shaxslarining ularga tegishli aktsiyalar miqdori va xillari ko'rsatilgan ro'yxati;
xodimlarning oxirgi uch yildagi o'rtacha yillik soni;
oxirgi uch yilda muomalaga chiqarilgan qimmatli qog'ozlar, ularning chiqarilish hajmi va maqsadi, ular bo'yicha hisoblangan va emitent tomonidan to'langan dividendlar (foizlar) to'g'risidagi ma'lumotlar;
oxirgi uch yilda emitentga nisbatan qo'llanilgan sanktsiyalar va emitent sudda javobgar yoki da'vogar sifatida ishtirok etayotgan ishlar to'g'risidagi ma'lumotlar;
qimmatli qog'ozlarni chiqarish to'g'risidagi qarorga muvofiq qimmatli qog'ozlarni chiqarish va joylashtirish shartlari.
Emitentning har choraklik hisobotida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:
emitentning to'liq va qisqartirilgan nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), bank rekvizitlari, ro'yxatdan o'tkazuvchi organ, davlat statistikasi va soliq xizmati organlari tomonidan berilgan ro'yxatdan o'tkazish va identifikatsiya raqamlari;
tegishli chorak yuzasidan buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar to'g'risidagi hisobot.
Emitentning yillik hisobotida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:
emitentning to'liq va qisqartirilgan nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), bank rekvizitlari, ro'yxatdan o'tkazuvchi organ, davlat statistikasi va soliq xizmati organlari tomonidan berilgan ro'yxatdan o'tkazish va identifikatsiya raqamlari;
o'tgan yildagi xo'jalik faoliyati natijalari haqidagi axborot;
kuzatuv kengashining, taftish komissiyasining yoki ijroiya organining tarkibidagi o'zgarishlarning asoslari;
tegishli yil yuzasidan buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar to'g'risidagi hisobot;
auditorlik tashkiloti xulosasining ko'chirma nusxasi;
qo'shimcha chiqarilgan qimmatli qog'ozlar haqidagi asosiy ma'lumotlar;
hisobot yilida emitentning faoliyatidagi muhim faktlar.
boshqa yuridik shaxslarning 5 va undan ortiq foiz aktsiyalariga (ulushlariga, paylariga) egaligi to'g'risidagi axborot, agar emitentning aktsiyalari fond birjasining birja kotirovkalash varag'iga kiritilgan bo'lsa.
Emitentning faoliyatidagi muhim faktlar quyidagilardir:
emitentning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili yoki veb-sayti o'zgarganligi;
emitentning qayta tashkil etilganligi, faoliyati to'xtatib turilganligi yoki tugatilganligi;
emitentning yuqori boshqaruv organi tomonidan qabul qilingan qarorlar;
qimmatli qog'ozlarga bo'lgan huquqlarning o'zgarganligi;
kuzatuv kengashining, taftish komissiyasining yoki ijroiya organining tarkibidagi o'zgarishlar;
emitentning filiallari va vakolatxonalari, shu'ba va tobe jamiyatlari ro'yxatidagi o'zgarishlar;
emitentning mol-mulki, bank hisobvaraqlari xatlanganligi, emitentga nisbatan uning aktivlari qiymatining 10 foizidan ortiq miqdorda da'vo qo'zg'atilganligi;
emitent ustav fondining yoki aktivlarining 50 foizidan ortiq miqdorda kredit olinganligi;
aktivlarning qiymati bir marta 10 foizdan ortiqroq miqdorda ko'paytirilganligi yoki kamaytirilganligi;
miqdori yoki mol-mulkining qiymati bitim tuzilgan sanadagi holatga ko'ra emitent aktivlarining 10 foizidan ortig'ini tashkil etadigan emitentning bir martalik bitimlari;
emitent tomonidan yirik bitimlar va manfaatdor shaxslar va (yoki) affilangan shaxslar bilan bitimlar tuzilganligi;
emitent faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish uchun litsenziya olganligi yoki litsenziya bekor qilinganligi, litsenziyaning amal qilishi to'xtatib turilganligi yoki tugatilganligi;
qimmatli qog'ozlar chiqarilganligi, ularning chiqarilishi to'xtatib turilganligi va qayta tiklanganligi, qimmatli qog'ozlarning chiqarilishi amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topilganligi;
emitent qaysi yuridik shaxslar aktsiyalarining (ulushlarining, paylarining) 10 foiziga va undan ortiq foiziga egalik qilayotgan bo'lsa, har bir shunday yuridik shaxsning ro'yxatidagi o'zgarishlar;
emitentning o'z qimmatli qog'ozlari egalari oldidagi qimmatli qog'ozlarni qaytarib sotib olishga (muomaladan chiqarishga) doir majburiyatlarini bajarish muddatlari kelganligi;
qimmatli qog'ozlar bo'yicha daromadlarni hisoblash, emitentning qimmatli qog'ozlari bo'yicha daromadlarni to'lashning boshlanganligi va tugallanganligi;
emitentga nisbatan to'lovga qobiliyatsizlik tartib-taomili joriy etilganligi;
hisobot yilida kuzatuv kengashi va ijroiya organi a'zolarining emitent aktsiyalariga (ulushlariga, paylariga) egalik qilishidagi o'zgarishlar;
jamiyat affillangan shaxslarining ro'yxatidagi o'zgarishlar ushbu shaxslarga tegishli qimmatli qog'ozlarning soni, turi va xili ko'rsatilgan holda;
Kuzatuv kengashining aktsiyalar, korporativ obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog'ozlarni chiqarish bo'yicha qarorlari;
qimmatli qog'ozlar egalarida ularga tegishli bo'lgan qimmatli qog'ozlarning emitent tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqining yuzaga kelganligi.
Emitent:
a) qimmatli qog'ozlar emissiya risolasini va emitentning yillik hisobotini barcha manfaatdor shaxslar tanishib chiqishi uchun taqdim etishi;
b) Korporativ axborotning yagona portaliga:
qimmatli qog'ozlar emissiya risolasining matni bilan tanishib chiqish joyi va tartibi to'g'risidagi ma'lumotlarni, shuningdek ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi, to'rtinchi, beshinchi va o'n ikkinchi xatboshilarida ko'rsatilgan axborotni qimmatli qog'ozlarni joylashtirish boshlanishiga kamida ikki hafta qolganida, bundan qimmatli qog'ozlarni xususiy joylashtirish mustasno;
emitentning yillik hisobotini aktsiyadorlarning yoki emitentning boshqa yuqori boshqaruv organining yillik umumiy yig'ilishi o'tkazilganidan keyin ikki hafta ichida;
emitentning birinchi chorak, birinchi yarim yil va to'qqiz oy yakunlariga doir hisobotini hisobot oyidan keyingi bir oy ichida;
emintent va affillangan shaxs o'rtasida tuzilgan bitimlar to'g'risidagi axborotni bitim tuzilgan paytdan e'tiboran 72 soat ichida joylashtirish yo'li bilan;
emitentning faoliyatidagi muhim fakt haqidagi xabarni u yuz bergan sanadan e'tiboran ikki ish kuni ichida joylashtirish yo'li bilan oshkor qilishi shart bundan, affillangan shaxslar bilan bitim tuzish to'g'risidagi xabar mustasno.
Emitent qonunchilikka muvofiq boshqa axborotni ham oshkor qilishi mumkin. Bunda emitent oshkor etilishi majburiy bo'lgan axborotni va (yoki) boshqa axborotni o'zining rasmiy veb-saytida o'z xohishiga ko'ra oshkor etishga haqli.
Rasmiy veb-sayt mavjud bo'lishi haqidagi talab qimmatli qog'ozlari fond birjasining listingiga kiritilmagan aktsiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi, bundan davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo'lgan aktsiyadorlik jamiyatlari mustasno.
Agar emitentning qimmatli qog'ozlari fond birjasining listingiga kiritilgan bo'lsa, ushbu moddada nazarda tutilgan axborotni majburiy ravishda oshkor etish Korporativ axborotning yagona portali axborot tizimidan olingan ma'lumotlarga asosan fond birjasining rasmiy veb-saytida amalga oshiriladi.
Fond birjasi va qimmatli qog'ozlar bozorini tartibga solish bo'yicha vakolatli davlat organi ushbu moddada nazarda tutilgan axborot e'lon qilinganligi uchun haq undirishga haqli emas.
lex.uz’dagi asl matn«Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida»gi qonun
44-modda. Axborotning emitent tomonidan oshkor qilinishi
(44-модда олтинчи қисмининг «б» кичик банди биринчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 17 апрелдаги ЎРҚ-1057-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 17.04.2025 й., 03/25/1057/0351-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.