Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:
jabrlanuvchi — transport vositasi boshqa shaxs tomonidan foydalanilayotganda hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilgan shaxs;
yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnoma — sodir etilgan yo'l-transport hodisasi haqida sug'urtalovchiga xabar berish uchun yo'l-transport hodisasi sodir etilgan joyda yo'l-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda to'ldiriladigan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi vujudga kelganligi faktini tasdiqlovchi hujjat;
kompensatsiya to'lovlari — majburiy sug'urta bo'yicha sug'urta to'lovini amalga oshirish mumkin bo'lmagan hollarda, jabrlanuvchilarning hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash hisobiga amalga oshiriladigan to'lovlar;
sug'urta hodisasi — transport vositasidan foydalanishda jabrlanuvchilarning hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilganligi uchun sug'urta qildiruvchining yoki transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish shartnomasi bo'yicha javobgarligi sug'urtalangan boshqa shaxsning fuqarolik javobgarligi yuzaga kelishi bo'lib, bu sug'urtalovchining sug'urta tovonini to'lash majburiyatini keltirib chiqaradi;
sug'urtalovchi — majburiy sug'urta qilishga haqli tijorat tashkiloti bo'lgan yuridik shaxs;
sug'urta qildiruvchi — sug'urtalovchi bilan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish shartnomasini tuzgan transport vositasi egasi;
sug'urta summasi — muayyan summa bo'lib, sug'urtalovchi sug'urta tovonini (sug'urta to'lovini) sug'urta shartnomasi bo'yicha ushbu summa doirasida to'lash majburiyatini o'z zimmasiga oladi;
transport vositasi — yo'llarda odamlarni, bagajni, yuklarni yoki o'ziga o'rnatilgan uskunalarni tashish uchun mo'ljallangan qurilma;
transport vositasining egasi — transport vositasining mulkdori, shuningdek transport vositasiga operativ boshqarish huquqida yoxud boshqa qonuniy asosda (mulk ijarasi shartnomasi, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma, tegishli organning mazkur shaxsga transport vositasini topshirish to'g'risidagi farmoyishi va shu kabilar) egalik qiluvchi shaxs. O'z xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi tufayli, shu jumladan transport vositasining mulkdori yoxud o'zga egasi bilan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi asosida transport vositasini boshqaruvchi shaxs transport vositasining egasi bo'lmaydi;
transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish shartnomasi (bundan buyon matnda majburiy sug'urta shartnomasi deb yuritiladi) — sug'urta shartnomasi bo'lib, unga ko'ra sug'urtalovchi sug'urta hodisasi sodir bo'lganda jabrlanuvchilarga ularning hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga ushbu sug'urta hodisasi oqibatida yetkazilgan zararning o'rnini shartnomada shartlashilgan haq (sug'urta mukofoti) evaziga sug'urta summasi doirasida qoplash majburiyatini oladi;
transport vositasidan foydalanish — transport vositasidan uning yo'llarda (yo'l harakatida), shuningdek ularga tutash, transport vositalari harakati uchun mo'ljallangan hududlarda harakatlanishidan iborat bo'lgan foydalanish. Transport vositasiga o'rnatilgan va transport vositasining harakatlanishda ishtirok etishi bilan uzviy bog'liq bo'lmagan uskunalardan foydalanish transport vositasidan foydalanish hisoblanmaydi;
haydovchi — transport vositasini boshqaruvchi shaxs. Transport vositasini boshqarish o'rgatilayotganda o'rgatuvchi shaxs haydovchi hisoblanadi.
lex.uz’dagi asl matn«Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi qonun
3-modda. Asosiy tushunchalar
(3-модданинг саккизинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 22 июндаги ЎРҚ-1154-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.06.2026 й., 03/26/1154/0618-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.