Sug'urta tovoni yetkazilgan zarar miqdorida, lekin sug'urta summasidan oshmagan miqdorda sug'urtalovchi tomonidan bevosita jabrlanuvchiga (uning merosxo'riga yoki huquqiy vorisiga) to'lanadi.
Agar sug'urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urtalangan boshqa shaxs) jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning o'rnini sug'urtalovchining yozma roziligi bilan o'z hisobidan qoplasa, sug'urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urtalangan boshqa shaxs) yetkazilgan zararning o'rnini qoplash tartibida o'zi amalga oshirgan to'lovlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etganidan keyin sug'urtalovchi sug'urta qildiruvchiga sug'urta to'lovini to'laydi.
Agar sug'urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urtalangan boshqa shaxs) transport vositasidan foydalanish natijasida yetkazilgan zararning o'rnini jabrlanuvchiga (uning merosxo'riga yoki huquqiy vorisiga) sug'urtalovchining yozma roziligisiz har qanday usulda qoplasa yoki qoplashni va'da qilsa, sug'urta qildiruvchining (fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urtalangan boshqa shaxsning) bu harakatlari sug'urtalovchi uchun majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.
Jabrlanuvchi (uning merosxo'ri) hayoti yoki sog'lig'iga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash hisobiga boshqa manbalardan olgan to'lovlar sug'urtalovchining sug'urta tovonini to'lash bo'yicha majburiyatini kamaytirmaydi.
Sug'urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urtalangan boshqa shaxs) sug'urta hodisasi sodir bo'lganda zararni bartaraf qilish va (yoki) kamaytirish choralarini ko'rganligi yoxud jabrlanuvchiga kechiktirib bo'lmaydigan yordam ko'rsatganligi sug'urtalovchi ushbu Qonunda o'zi uchun belgilangan majburiyatlarni bajarishni rad etishiga asos bo'lolmaydi.
Agar majburiy sug'urta ob'yekti bir vaqtning o'zida ixtiyoriy sug'urta bo'yicha ham sug'urtalangan bo'lsa, ixtiyoriy sug'urta bo'yicha sug'urta tovoni majburiy sug'urta bo'yicha sug'urta tovonini to'lash shartlaridan qat'i nazar to'lanadi.
Agar sug'urta hodisasi sodir bo'lishi natijasida jabrlanuvchi halok bo'lgan yoki uning sog'lig'iga zarar yetkazilgan bo'lsa, sug'urta tovoni ushbu Qonunning 22-moddasi talablari inobatga olinmagan holda, shunday hodisa uchun to'lovni nazarda tutuvchi barcha turdagi sug'urta shartnomalariga muvofiq to'lanadi.
Agar bitta sug'urta hodisasi natijasida ikki yoki undan ortiq sug'urta qildiruvchining (fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urtalangan boshqa shaxslarning) fuqarolik javobgarligi yuzaga kelgan bo'lsa, sug'urtalovchilar jabrlanuvchiga (uning merosxo'riga yoki huquqiy vorisiga) har bir sug'urta qildiruvchining (fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urtalangan boshqa shaxsning) aybi darajasiga muvofiq sug'urta tovonini to'laydi.
Agar sug'urta hodisasi sodir bo'lganda sug'urta tovoni to'lovlari bir nechta jabrlanuvchiga (ularning merosxo'rlariga yoki huquqiy vorislariga) to'lanishi kerak bo'lsa va ularning sug'urtalovchiga bildirilgan talablari summasi sug'urta summasi miqdoridan ortiq bo'lsa, sug'urta tovoni har bir jabrlanuvchining barcha jabrlanuvchilar (ularning merosxo'rlari yoki huquqiy vorislari) talablarining umumiy summasidagi ulushiga mutanosib ravishda to'lanadi.
O'rni qoplanishi lozim bo'lgan zararning miqdori to'liq aniqlanguniga qadar sug'urtalovchi jabrlanuvchining (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisining) arizasiga ko'ra sug'urta to'lovining mazkur zararning amalda aniqlangan qismiga muvofiq bo'lgan qismini to'lashga haqli.
Jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) bilan kelishuvga ko'ra va majburiy sug'urta shartnomasida nazarda tutilgan shartlar asosida sug'urtalovchi shikastlangan mol-mulkning sug'urta tovoni hisobidan ta'mirlanishini va (yoki) uning qoldiqlari utilizatsiya qilinishini tashkil qilishga va haqini to'lashga haqli.
Sug'urta tovonini to'lash sug'urtalovchi sug'urta tovonini to'lash to'g'risida qaror qabul qilgan kundan e'tiboran besh ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Sug'urtalovchining sug'urta tovonini to'lashni rad etish to'g'risidagi yoki uni to'lash haqidagi qarori ariza beruvchi sug'urta tovonini to'lash to'g'risida yozma yoki elektron shaklda murojaat etganidan keyin o'n besh kundan kechiktirmay chiqarilishi hamda ariza beruvchiga xabar qilinishi kerak. Tovon to'lash rad etilganda, qarorda rad etishning asoslantirilgan sabablari ko'rsatilishi lozim.
Agar sug'urta tovonini to'lash ushbu Qonunda belgilangan muddatda amalga oshirilmagan bo'lsa, sug'urtalovchi jabrlanuvchiga (uning merosxo'riga yoki huquqiy vorisiga) sug'urta tovoniga qo'shimcha ravishda, sug'urta tovonini to'lash to'g'risida qaror qabul qilingan kundagi O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan kelib chiqqan holda penya to'laydi.
Agar majburiy sug'urta shartnomasi amalda bo'lgan davrda sug'urtalovchi jabrlanuvchiga (uning merosxo'riga yoki huquqiy vorisiga) sug'urta tovoni to'lasa, sug'urta qildiruvchi sug'urtalovchidan sug'urta tovoni to'langanligi to'g'risidagi xabarnoma olingan kundan e'tiboran ikki haftalik muddatda to'langan sug'urta tovoni summasiga va majburiy sug'urta shartnomasi amal qilishining qolgan muddatiga mutanosib ravishda qo'shimcha sug'urta mukofotini to'laydi.
Sug'urtalovchi majburiy sug'urta shartnomasining amal qilishi davrida vujudga kelgan zararlarning o'rnini, agar jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) zararlarni keltirib chiqargan sug'urta hodisasi haqida zararlarning o'rnini majburiy sug'urta shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin uch yil ichida undirish to'g'risida da'vo arizasi bergan bo'lsa, qoplaydi.
lex.uz’dagi asl matn«Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi qonun
23-modda. Sug'urta tovonini to'lash
(23-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 22 июндаги ЎРҚ-1154-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.06.2026 й., 03/26/1154/0618-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.