«Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi qonun

21-modda. Jabrlanuvchining hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan hamda majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha o'rni qoplanadigan zararning miqdorini aniqlash

(21-модданинг учинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-683-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон)

Jabrlanuvchining hayoti yoki sog'lig'iga yetkazilgan hamda majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha o'rni qoplanadigan zararning miqdori O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi. Jabrlanuvchi (uning merosxo'ri) o'z tashabbusi bilan yoki sug'urtalovchining so'roviga binoan sug'urtalovchiga ushbu Qonun 19-moddasining to'rtinchi qismida ko'rsatilgan barcha hujjatlarni taqdim etishi, shuningdek unga hayoti yoki sog'lig'iga yetkazilgan zararning hajmi hamda xususiyatini tasdiqlovchi barcha ma'lum bo'lgan ma'lumotlarni yozma shaklda xabar qilishi shart. Mol-mulkka zarar yetkazilganda jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) shikastlangan mol-mulkni yoki uning qoldiqlarini zarar yetkazilishi holatlarini aniqlash uchun ko'zdan kechirish va mustaqil ekspertizani tashkil etish hamda o'rni qoplanishi lozim bo'lgan zararning miqdorini belgilash uchun baholashni tashkil etish maqsadida sug'urtalovchiga o'z tashabbusi bilan yoki sug'urtalovchining so'roviga binoan taqdim qilishi shart. Agar jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) tomonidan taqdim etilgan shikastlangan mol-mulkni yoki uning qoldiqlarini ko'zdan kechirish va mustaqil ekspertiza qilish sug'urta hodisasi mavjudligini to'g'ri belgilash, o'tkazilgan baholash natijalari esa majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha o'rni qoplanishi lozim bo'lgan zararning miqdorini to'g'ri aniqlash imkonini bermasa, mazkur holatlarni aniqlash uchun sug'urtalovchi sug'urta qildiruvchining foydalanilayotganda jabrlanuvchiga zarar yetkazilgan shikastlangan transport vositasini ko'zdan kechirishga va (yoki) ushbu transport vositasi yoki uning qoldiqlariga nisbatan takroriy mustaqil ekspertizani tashkil etishga, shuningdek jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) tomonidan taqdim etilgan shikastlangan mol-mulkni yoki uning qoldiqlarini baholash to'g'risidagi hisobotning ishonchliligi ekspertizasini qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etishga haqli. Sug'urta qildiruvchi sug'urtalovchining talabiga ko'ra ushbu transport vositasini yoki uning qoldiqlarini majburiy sug'urta shartnomasida nazarda tutilgan tartibda taqdim etishi shart. Sug'urtalovchi shikastlangan mol-mulkni yoki uning qoldiqlarini jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) yozma ravishda murojaat etgan kundan e'tiboran besh ish kunidan ko'p bo'lmagan muddatda, agar ular o'rtasida yozma shaklda boshqa muddat kelishilmagan bo'lsa, ko'zdan kechirishi, uning mustaqil ekspertizasini va baholashdan o'tkazishni tashkil etishi shart. Agar shikastlanishlarning xususiyati yoki shikastlangan mol-mulkning yoxud uning qoldiqlarining o'ziga xos xususiyatlari mol-mulkni sug'urtalovchi, ekspert va (yoki) baholovchi tashkilot joylashgan yerda ko'zdan kechirish, mustaqil ekspertizani va baholashdan o'tkazishni tashkil etish uchun taqdim etilishini istisno etsa (transport vositasining yo'l harakatida ishtirok etishini istisno etadigan tarzda shikastlanganligi va boshqa hollarda), ko'zdan kechirish, mustaqil ekspertiza va baholashdan o'tkazish shikastlangan mol-mulk yoki uning qoldiqlari turgan yerda ushbu moddaning to'rtinchi qismida belgilangan muddatda amalga oshiriladi. Agar sug'urtalovchi shikastlangan mol-mulkni yoki uning qoldiqlarini ushbu moddaning to'rtinchi qismida belgilangan muddatda ko'zdan kechirmagan, mustaqil ekspertizani va baholashdan o'tkazishni tashkil etmagan bo'lsa, jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) shikastlangan mol-mulkni yoki uning qoldiqlarini sug'urtalovchiga ko'zdan kechirish uchun taqdim etmagan holda ekspertizani va baholashdan o'tkazishni tashkil etish uchun mustaqil tarzda yozma shaklda murojaat qilishga haqli. Bu holda sug'urtalovchi mustaqil ekspertiza va baholash natijalari yuzasidan nizolashishga haqli emas. Sug'urta to'lovi amalga oshirilishiga asos bo'lgan mustaqil ekspertiza va baholash qiymati sug'urtalovchi tomonidan majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha o'rni qoplanishi lozim bo'lgan zarar tarkibiga kiritiladi. Agar shikastlangan mol-mulkni yoxud uning qoldiqlarini ko'zdan kechirish, mustaqil ekspertiza qilish va baholashga qadar ushbu modda talablariga muvofiq amalga oshirilgan mazkur mol-mulkni ta'mirlash yoki uning qoldiqlarini utilizatsiya qilish sug'urta hodisasining mavjudligini va majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha o'rni qoplanishi lozim bo'lgan zararning miqdorini to'g'ri aniqlash imkonini bermasa, sug'urtalovda jabrlanuvchiga (uning merosxo'riga yoki huquqiy vorisiga) sug'urta to'lovini yoki uning bir qismini to'lashni rad etishga haqli.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.