Jabrlanuvchilarga zarar yetkazilishiga olib kelgan yo'l-transport hodisasi ishtirokchisi bo'lgan sug'urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urtalangan boshqa shaxs) mazkur hodisaning boshqa ishtirokchilari talabiga ko'ra ularga ushbu transport vositasi egalarining fuqarolik javobgarligi sug'urtalangan majburiy sug'urta shartnomasi to'g'risidagi ma'lumotlarni xabar qilishi shart.
Sug'urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urtalangan boshqa shaxs) yoki uning vakili sug'urta hodisasi sodir bo'lganda:
jabrlanuvchiga (uning merosxo'rlariga yoki huquqiy vorislariga) uch kalendar kundan kechiktirmay sug'urta polisining nusxasini topshirishi;
darhol, lekin majburiy sug'urta shartnomasida nazarda tutilgan muddatdan kechiktirmay, sodir bo'lgan hodisa haqida yozma shaklda, sug'urta polisining nusxasini ilova qilgan holda sug'urtalovchiga yoki uning filialiga hamda yo'l-transport hodisasi sodir bo'lgan joydagi va transport vositasi ro'yxatdan o'tkazilgan joydagi davlat yo'l harakati xavfsizligi xizmatiga bildirishi. Bildirishnomada hodisaning xususiyati, sodir bo'lgan payti, ko'rilishi taxmin qilingan zararning miqdori, yo'l-transport hodisasiga aloqador barcha shaxslarning, shu jumladan taxmin qilingan da'vogarlarning nomlari va manzillariga taalluqli axborot imkon qadar to'liq hajmda, shuningdek sug'urta qildiruvchi hodisa haqida ilk marotaba qay tarzda xabardor bo'lganligi va sug'urta qildiruvchining nega hodisani talabnoma bildirishga sabab bo'lishi mumkin deb hisoblashiga oid tafsilotlar majburiy tartibda ko'rsatilishi kerak;
sug'urtalovchiga sug'urta hodisasi munosabati bilan unga nisbatan qo'yilayotgan barcha talablar yoki unga qarshi boshlangan sud muhokamasi to'g'risida darhol xabar qilishi, zarar yetkazilishi holatlari to'g'risidagi barcha ma'lumotlarni va vakolatli organlardan olingan, sug'urta hodisasining sabablari hamda oqibatlarini, zararning xususiyati va miqdorini belgilash uchun zarur bo'lgan hujjatlarni sug'urtalovchiga taqdim etishi;
yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xabarnoma tuzilgan vaqtdan e'tiboran uch ish kuni ichida mazkur xabarnomani ushbu Qonun 20²-moddasining ikkinchi qismida ko'rsatilgan materiallar va hujjatlarni ilova qilgan holda sug'urtalovchiga taqdim etishi;
zararning oldini olish va (yoki) kamaytirish yuzasidan mumkin bo'lgan barcha choralarni ko'rishi kerak.
Agar jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) sug'urta to'loviga bo'lgan o'z huquqidan foydalanish niyatida bo'lsa, u sug'urtalovchiga o'z hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning o'rnini sug'urta summasi doirasida qoplash to'g'risidagi talab bilan yozma ariza yuborishi shart.
Jabrlanuvchining yoki uning merosxo'rlarining (agar jabrlanuvchining ahvoli mustaqil ravishda murojaat qilishga imkon bermasa, qarindoshlari yoki boshqa vakillarining) yoxud uning huquqiy vorislarining sug'urta to'lovi to'g'risidagi talabi ko'rsatilgan arizasi quyidagilarning asli yoki nusxalari ilova qilingan holda sug'urtalovchiga yoki uning filialiga yuboriladi:
sug'urta polisi (agar bo'lsa);
zarar yetkazilganligi faktini va zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar (yo'l-transport hodisasi to'g'risidagi xulosa yoki qaror, tibbiyot muassasasi ma'lumotnomasi yoxud hayot yoki sog'liqqa zarar yetkazilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar, o'lim haqidagi dalolatnoma yoxud guvohnoma);
mol-mulkka zarar yetkazilganligi faktini va zarar miqdorini tasdiqlovchi hujjatlar (tijorat dalolatnomalari, yuk xatlari, asosiy vositalar daftaridan ko'chirmalar, to'lov hujjatlari, xizmatlar ko'rsatish va ishlar bajarish uchun tuzilgan shartnomalar, baholash to'g'risidagi hisobotlar va boshqa shu kabilar);
jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
meros huquqini yoki huquqiy vorislikni olganliklarini, shuningdek merosxo'rlarning shaxsini yoki huquqiy vorislarning davlat ro'yxatidan o'tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlar (agar sug'urta tovoni jabrlanuvchining merosxo'rlariga yoxud huquqiy vorislariga to'lanishi kerak bo'lsa).
Agar foydalanilayotganda jabrlanuvchining hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazgan transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligi sug'urtalanmagan yoki egasi noma'lum bo'lsa, jabrlanuvchi (uning merosxo'ri yoki huquqiy vorisi) ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda kompensatsiya to'lovini olish huquqiga ega bo'ladi.
Ushbu Qonunning jabrlanuvchilarga taalluqli qoidalari boquvchisining vafoti natijasida zarar ko'rgan shaxslarga, jabrlanuvchilarning merosxo'rlariga hamda fuqarolik qonunchiligiga muvofiq boshqa shaxslar tomonidan transport vositalaridan foydalanishda jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning o'rni qoplanishi huquqiga ega bo'lgan o'zga shaxslarga nisbatan ham qo'llaniladi.
lex.uz’dagi asl matn«Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi qonun
19-modda. Sug'urta hodisasi sodir bo'lganda sug'urta qildiruvchilar va jabrlanuvchilarning (ularning merosxo'rlari yoki huquqiy vorislarining) harakatlari
(19-модданинг учинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 22 июндаги ЎРҚ-1154-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.06.2026 й., 03/26/1154/0618-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.