«Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida»gi qonun

32-modda. Nogironligi bo'lgan shaxslarni reabilitatsiya va abilitatsiya qilish

Nogironligi bo'lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning maqsadi ularga to'laqonli hayot tarzini yuritish hamda o'z huquqlari va potentsial imkoniyatlarini amalga oshirish imkonini beradigan ijtimoiy maqomini, o'ziga o'zi xizmat ko'rsatishga va kasbiy faoliyatning har xil turlariga oid qobiliyatini tiklashdan iboratdir. Davlat nogironligi bo'lgan shaxslarning davlat muassasalarida tibbiy, ijtimoiy, kasbiy hamda jismoniy reabilitatsiya va abilitatsiya qilinishini kafolatlaydi. Tibbiy reabilitatsiya qilish nogironligi bo'lgan shaxslar a'zolarining hamda organizmi tizimlarining buzilgan va (yoki) yo'qolgan funktsiyalarini saqlab qolishga, qisman yoki to'liq tiklashga qaratilgan tibbiy xizmatlar majmuidir. Ijtimoiy reabilitatsiya qilish nogironligi bo'lgan shaxslarning hayot faoliyati cheklanganligini yengib o'tishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, ijtimoiy maqomini, o'ziga o'zi xizmat ko'rsatish, mustaqil yashash imkoniyatlarini tiklashga, shuningdek ularni jamiyatda oilaviy hayotning odatiy sharoitlariga qaytarishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir. Kasbiy reabilitatsiya qilish nogironligi bo'lgan shaxslarni kasbga yo'naltirishga, kasbga o'qitishga va ishga joylashtirishga, shuningdek ularning boy berilgan kasbiy bilimlari, mahorati va ko'nikmalarini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir. Nogironligi bo'lgan shaxslar organizmining buzilgan yoki vaqtincha yo'qolgan funktsiyalarini hamda ularning ijtimoiy va kasbiy faoliyatga bo'lgan qobiliyatini jismoniy tarbiya va sport vositalari hamda usullaridan foydalangan holda tiklash (tuzatish va kompensatsiya qilish) jismoniy reabilitatsiya qilishdir. Nogironligi bo'lgan shaxslarni reabilitatsiya va abilitatsiya qilish nogironligi bo'lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturiga muvofiq tashkil etiladi. Abilitatsiya qilish jamiyat hayotiga moslashtirish uchun organizmning yo'q bo'lgan (tug'ma) va (yoki) rivojlanmagan funktsiyalarini shakllantirishga qaratilgan tibbiy, ijtimoiy, pedagogik, psixologik jihatdan tuzatish va boshqa tuzatish chora-tadbirlari majmuidir. Abilitatsiya qilish bo'yicha xizmatlar xavf guruhidagi bolalarga ko'rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy, psixologik va pedagogik jihatdan tuzatish xizmatlarini, shuningdek boshqa tuzatish xizmatlarini o'z ichiga oladi. Xavf guruhidagi bolalar jumlasiga erta aralashuv hamda zarur tibbiy, ijtimoiy, psixologik, pedagogik jihatdan tuzatishga yoki boshqa tuzatishga oid ko'mak ko'rsatilmaganda jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida yuqori darajadagi ortda qolish ehtimoli mavjud uch yoshgacha bo'lgan bolalar kiradi. Abilitatsiya qilish bo'yicha xizmatlar, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, tibbiy-ijtimoiy tashkilotlar, shuningdek tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko'rsatishga doir ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan ko'rsatiladi. Nogironligi bo'lgan shaxslarni (bolalarni) abilitatsiya qilish ularning ehtiyojlariga imkon qadar moslashtirilgan hajmda, malakali xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.