«Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida»gi qonun

30-modda. Jamiyatning ongida nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari va qadr-qimmatiga hurmatni shakllantirish hamda mustahkamlash

Davlat organlari jamiyatning ongida nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari va qadr-qimmatiga hurmatni shakllantirish hamda mustahkamlash maqsadida: nogironligi bo'lgan shaxslarning faol ijtimoiy roli ijobiy qabul qilinishiga ommaviy axborot vositalari va matbuot vositasida ko'maklashishni; nogironligi bo'lgan shaxslarning salohiyatini hamda jamiyat va davlat taraqqiyotiga qo'shayotgan hissasini targ'ib qilishni; nogironligi bo'lgan shaxslarning ijtimoiy integratsiyasiga imkon beruvchi timsolini ijobiy va bag'rikenglik asosida gavdalantirish yo'nalishidagi ommaviy axborot vositalarini rag'batlantirishni; nogironligi bo'lgan shaxslarga nisbatan qotib qolgan qarashlarni va xurofotlarni yo'q qilish bo'yicha chora-tadbirlar amalga oshirish; ta'limning barcha bosqichlarida, shu jumladan bolalarda go'daklik yoshidan boshlab nogironligi bo'lgan shaxslarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo'lishni tarbiyalashni; nogironligi bo'lgan shaxslarning qadr-qimmati va qobiliyati hamda ularning ish joyidagi va mehnat bozoridagi jamoa yutuqlariga qo'shayotgan hissasi e'tirof etilishiga ko'maklashishni; nogironligi bo'lgan shaxslarga va ularning huquqlariga bag'ishlangan tarbiyaviy-tanishtiruv dasturlarini ishlab chiqish hamda joriy etishni ta'minlaydi. Davlat har yili quyidagi davlat buyurtmalarini joylashtiradi: jamiyatda nogironligi bo'lgan shaxslarga nisbatan qotib qolgan qarashlarni va xurofotlarni bartaraf etishga, shuningdek nogironligi bo'lgan shaxslarning ijobiy timsolini shakllantirishga qaratilgan badiiy, hujjatli filmlar, spektakllar tayyorlanishiga doir; nogironligi bo'lgan shaxslarning salohiyatini hamda jamiyat va davlat hayotiga qo'shadigan hissasini targ'ib qilishga, shuningdek nogironligi bo'lgan shaxslarning ijobiy timsolini yaratishga qaratilgan ijtimoiy reklama axborotini hamda maqolalarni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida yoritishga doir. Nogironligi bo'lgan shaxslar to'g'risidagi ijobiy tasavvurga qaratilgan ijtimoiy reklama telekanallarda, matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida joylashtiriladi. Huquq va gumanitar yo'nalishdagi oliy ta'lim muassasalarida nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari bo'yicha kurslar o'tkaziladi va o'quv fanlari o'rgatiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.