«Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida»gi qonun

48-modda. Majlis bayonnomasi

Ma'muriy ishni majlisda ko'rib chiqish chog'ida majburiy tartibda bayonnoma yuritiladi. Majlis bayonnomasi ma'muriy ishni ko'rib chiqishning barcha muhim holatlarini aks ettirishi kerak. Majlis bayonnomasida, xususan, quyidagilar ko'rsatiladi: 1) majlisning sanasi va joyi; 2) majlis boshlangan va tugagan vaqt, majlisdagi tanaffuslar haqidagi ma'lumotlar; 3) ma'muriy organning nomi, ma'muriy organ mansabdor shaxsining familiyasi, ismi, otasining ismi yoki ma'muriy ishni ko'rib chiqayotgan kollegial organning tarkibi va majlis kotibi; 4) adresat — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning yashash joyi, agar adresat yuridik shaxs bo'lsa — uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), agar ish yuritishda vakil ishtirok etayotgan bo'lsa, vakilning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning manzili, shuningdek ma'muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi uchinchi shaxslar to'g'risidagi ma'lumotlar; 5) ma'muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelganligi haqidagi ma'lumotlar; 6) ma'muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilish va ularning majlisga kelmaganligi sabablari to'g'risidagi ma'lumotlar; 7) ma'muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslarga ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntirib berilganligi haqidagi ma'lumotlar; 8) ma'muriy organ mansabdor shaxsining yoki ma'muriy ishni ko'rib chiqayotgan kollegial organ raislik qiluvchisining ushbu ishni ko'rib chiqish jarayonida qabul qilinadigan protsessual hujjatlari; 9) ma'muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslarning arizalari va iltimosnomalari hamda ularni ko'rib chiqish natijalari to'g'risidagi ma'lumotlar; 10) taqdim etilgan dalillar, ekspertlarning yozma xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari va hokazo haqidagi ma'lumotlar; 11) ma'muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslarning tushuntirishlari, guvohlarning ko'rsatuvlari, ekspertlarning o'z xulosalari yuzasidan og'zaki tushuntirishlari, mutaxassislarning fikrlari, yozma va ashyoviy dalillarni ko'zdan kechirish ma'lumotlari. Ma'muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaxslar o'zlari muhim deb hisoblaydigan holatlarni majlis bayonnomasiga kiritish xususida iltimos qilishga haqli. Ma'muriy ish yakka tartibda ko'rib chiqilganda majlis bayonnomasi ma'muriy organning ishni ko'rib chiqayotgan mansabdor shaxsi va majlis kotibi tomonidan imzolanadi. Ma'muriy ish kollegial organ tomonidan ko'rib chiqilgan taqdirda bayonnoma raislik qiluvchi va majlis kotibi tomonidan imzolanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.