Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodeks

144-modda. Sudning videokonferentsaloqa rejimidagi majlisida ishtirok etish

(144-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 11 мартдаги ЎРҚ-1047-сонли Қонунига асосан учинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 12.03.2025 й., 03/25/1047/0233-сон)

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va odil sudlovni amalga oshirishga ko'maklashuvchi shaxslar videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga haqli. Videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida shaxslarning ishtirok etish huquqi haqida ishni sud muhokamasiga tayyorlash to'g'risidagi ajrimda ko'rsatilib, ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, odil sudlovni amalga oshirishga ko'maklashuvchi shaxslarga hamda ularning bunday majlisda ishtirok etishiga ko'maklashadigan tegishli sudga yuboriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishini ta'minlash uchun ko'rsatilgan shaxslarning yashash joyi, joylashgan yeri yoki turgan joyi bo'yicha tegishli sudlarning videokonferentsaloqa tizimlaridan yoxud ishni ko'rayotgan sudning mobil videokonferentsaloqa tizimidan foydalaniladi. Videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisini o'tkazishga ko'maklashadigan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovni amalga oshirishga ko'maklashuvchi shaxslarning vakillari vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnomalar, shuningdek sud majlisida taqdim etilgan dalillar ishni ko'rayotgan sudga yuborilishini ta'minlaydi. Videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida videokonferentsaloqa tizimidan foydalangan holda ishtirok etayotgan guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga o'z huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi audio- va videoyozuv orqali qayd etiladi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida ko'rsatiladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovni amalga oshirishga ko'maklashuvchi shaxslarning videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqi birinchi, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instantsiyalari sudlarining sud majlisida amalga oshirilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.