Ma'muriy javobgarlik kodeksi

324³⁷-modda. Ishni O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atida taftish tartibida ko'rish tartibi

Ish O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atida Oliy sud sudyasi tomonidan taftish tartibida yakka tartibda ko'rib chiqiladi. Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atida taftish tartibida ko'rilayotganda sud majlisi raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday ish va kimning taftish tartibida berilgan shikoyati (protesti) bo'yicha ko'rilayotganligini e'lon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini e'lon qiladi, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan bo'lsa, prokurorning, advokatning va tarjimonning familiyasini, ismini, otasining ismini ma'lum qiladi. Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi qaysi shaxslar, ularning vakillari kelganligini aniqlashtiradi, hozir bo'lganlarning shaxsini aniqlaydi, mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, bildirilgan iltimosnomalarni hal qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi to'g'risida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni taftish tartibida ko'rish uchun monelik qilmaydi. Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni taftish instantsiyasi sudida ko'rish sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning ma'ruzasi bilan boshlanadi. Ma'ruza davomida ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish holatlari, birinchi instantsiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasi sudi qarorining mazmuni, taftish tartibida berilgan shikoyatning (protestning) vajlari bayon etiladi. Ma'ruzadan keyin sud majlisida hozir bo'lgan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ularning vakillarining tushuntirishlari eshitiladi. Taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxs yoki uning vakili yoxud, agar prokuror taftish tartibida protest keltirgan bo'lsa, prokuror birinchi bo'lib so'zga chiqadi. Taftish instantsiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning so'zlarini eshitib, tegishli iltimosnomalar mavjud bo'lganda yoki o'z tashabbusiga ko'ra ishdagi mavjud va sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillarni tekshiradi. Sud taftish tartibida berilgan shikoyatning (protestning) vajlari bilan chegaralanmay, unga ilova qilingan qo'shimcha materiallarni hamda ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish materiallarini to'liq hajmda tekshiradi. Taftish instantsiyasi sudi ish holatlarini aniqlashtirishni va dalillarni tekshirishni tamomlagach, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ular sudda tushuntirishlar bergan ketma-ketlikda muzokaralarda chiqish imkoniyatini yaratadi. Sud muzokaralari tugallangach, sudya qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi. Ishni taftish tartibida ko'rib chiqish natijalari bo'yicha qaror qabul qilinadi. Sud muhokamasining borishi va mazmuni haqida ushbu Kodeksning 308-moddasida belgilangan talablarga muvofiq sud majlisining bayonnomasi tuziladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.