Mehnat kodeksi

191-modda. Ish vaqti rejimi tushunchasi va uni belgilash tartibi

Muayyan kalendar davr mobaynida (ish kunining, haftaning, ish vaqtini jamlab hisobga olish qo'llanilganda esa hisobga olish davrining haftasidan oshadigan davr mobaynida) ish vaqtining taqsimlanishi ish vaqti rejimidir. Ish vaqti rejimi quyidagilarni belgilaydi: ish haftasining turi va davomiyligini (ikki kun dam olinadigan besh kunlik ish haftasi, bir kun dam olinadigan olti kunlik ish haftasi, o'zgaruvchan jadval bo'yicha dam olish kunlari beriladigan ish haftasi, to'liqsiz ish haftasi); ish kuni (smena) boshlanadigan, tugaydigan vaqtni va uning davomiyligini; dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus, shuningdek mehnat to'g'risidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa tanaffuslar vaqtini; ish kunlarining va ishlanmaydigan kunlarning navbat bilan almashishini; sutkadagi smenalar sonini; xodimlarning smenalar bo'yicha almashish ketma-ketligini. Ish vaqtining rejimi ichki mehnat tartib qoidalarida, smenalarga bo'linib ishlash jadvallarida, boshqa ichki hujjatlarda, ular mavjud bo'lmaganda esa mehnat shartnomasida belgilanadi. Mehnat shartnomasida xodim uchun ichki mehnat tartibi qoidalarida, smenalarga bo'linib ishlash jadvallarida yoki boshqa ichki hujjatlarda nazarda tutilgan umumiy ish vaqti rejimidan farq qiladigan shaxsiy ish vaqti rejimini belgilash nazarda tutilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.