«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun

19-modda. Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) uning ishtirokchilarining qo'shimcha hissalari va jamiyatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslarning hissalari hisobidan ko'paytirish

Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) jamiyat barcha ishtirokchilari tomonidan qo'shimcha hissalar qo'shish hisobidan ko'paytirish to'g'risidagi qarorida qo'shimcha hissalarning muayyan umumiy qiymati, jamiyat har bir ishtirokchisining qo'shimcha hissasi qiymatining miqdori, ishtirokchilar tomonidan qo'shimcha hissalarni to'liq qo'shish muddati belgilanishi kerak. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) ko'paytirish haqida jamiyat ishtirokchisining qo'shimcha hissa qo'shish to'g'risidagi arizasiga (jamiyat ishtirokchilarining arizalariga) va (yoki), agar bu jamiyatning ta'sis hujjatlarida taqiqlanmagan bo'lsa, uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) uni (ularni) jamiyatga qabul qilish va hissa qo'shish haqidagi arizasiga (arizalariga) asosan bir ovozdan qaror qabul qilishi mumkin. Jamiyat ishtirokchisining yoki uchinchi shaxsning arizasida hissani qo'shish tartibi, uning miqdori, usullari va muddati, shuningdek jamiyat ishtirokchisi yoki uchinchi shaxs jamiyatning ustav fondida (ustav kapitalida) ega bo'lishni xohlagan ulush miqdori ko'rsatilgan bo'lishi kerak. Arizada hissalarni qo'shish va jamiyatga a'zo bo'lib kirishning boshqa shartlari ham ko'rsatilishi mumkin. Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) ko'paytirish to'g'risidagi qaror bilan bir vaqtda uning ta'sis hujjatlariga jamiyat barcha yoki ayrim ishtirokchilarining (ayrim ishtirokchisining) qo'shimcha hissalarini qo'shish hisobidan va (yoki) jamiyatga uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) qabul qilinishi, jamiyat ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymati tegishlicha ko'paytirilishi va (yoki) uchinchi shaxs (uchinchi shaxslar) ulushining nominal qiymati va miqdori aniqlanishi munosabati bilan o'zgartirishlar, shuningdek jamiyat ishtirokchilari ulushining miqdorlari o'zgarishi bilan bog'liq o'zgartirishlar kiritish to'g'risida qaror qabul qilinishi kerak. Bunda jamiyat ishtirokchisi ulushining nominal qiymati uning qo'shimcha hissasi qiymatidan ko'proq summaga ko'paytirilishi mumkin emas, jamiyatga qabul qilinadigan har bir uchinchi shaxs tomonidan olinadigan ulushning nominal qiymati uning hissasi qiymatidan ortiq bo'lishi mumkin emas. Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi qo'shimcha hissalarni qo'shish muddati tugagan kundan e'tiboran bir oydan kechiktirmay jamiyat ishtirokchilarining qo'shimcha hissalarini va (yoki) uchinchi shaxslarning hissalarini qo'shish yakunlarini tasdiqlash haqida, shuningdek jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) miqdorini ko'paytirish, qo'shimcha hissalar qo'shgan jamiyat ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatini ko'paytirish va (yoki) uchinchi shaxs (uchinchi shaxslar) ulushining nominal qiymati va miqdorlarini aniqlash, zarur hollarda jamiyat ishtirokchilari ulushlarining miqdorlari o'zgarishi bilan bog'liq o'zgartirishlarni jamiyatning ta'sis hujjatlariga kiritish to'g'risida qaror qabul qilishi kerak. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, agar hissalar qo'shish jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi tomonidan belgilangan muddat o'tganidan keyin, belgilangan qo'shimcha hissa bir yoki bir necha ishtirokchi tomonidan to'liq yoki qisman qo'shilmagan bo'lsa, umumiy yig'ilish: qo'shimcha hissalar umumiy qiymatining dastlab belgilangan miqdorini jamiyat ishtirokchilari amalda qo'shgan qo'shimcha hissalarni hisobga olgan holda, ularning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi tegishlicha o'zgartirilib, amalda qo'shilgan hissalar miqdoriga qadar kamaytirish to'g'risida; qo'shimcha hissalar umumiy qiymatining dastlabki belgilangan miqdorini oldingi yig'ilishning jamiyat ishtirokchilarining jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) ko'paytirish to'g'risidagi qarori bilan belgilangan ulushlarini saqlab qolish imkoniyatini beradigan miqdorgacha kamaytirish to'g'risida qaror qabul qilishga haqli. Bu holda jamiyat oldingi yig'ilish qarori bilan belgilangan ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) jamiyat ishtirokchilarining ulushlari oshib ketishiga olib kelgan o'sha qo'shgan pul hissalarini jamiyat ishtirokchilariga o'n kun muddat ichida qaytarishi shart. Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan jamiyat ustavidagi o'zgartirishlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun hujjatlar, shuningdek jamiyat ishtirokchilari tomonidan qo'shimcha hissalar va (yoki) uchinchi shaxslar tomonidan hissalar to'liq miqdorda qo'shilganligini tasdiqlovchi hujjatlar yuridik shaxslarni davlat ro'yxatidan o'tkazuvchi organga ta'sis hujjatiga doir o'zgartirishlar jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishida tasdiqlangan kundan e'tiboran bir oydan kechiktirmay taqdim etilishi kerak. Ustavdagi mazkur o'zgartirishlar ular yuridik shaxslarni davlat ro'yxatidan o'tkazuvchi organ tomonidan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan kundan e'tiboran jamiyat ishtirokchilari va uchinchi shaxslar uchun kuchga kiradi. Ushbu moddaning beshinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlarga rioya etilmagan taqdirda yoki ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qo'shimcha hissalar barcha ishtirokchilar tomonidan to'liq qo'shilmagan yoxud ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan qo'shimcha hissalar umumiy qiymatining dastlabki belgilangan miqdorini kamaytirish to'g'risida qaror qabul qilinmagan taqdirda, jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) ko'paytirilishi amalga oshmagan deb e'tirof etiladi. Bu holda jamiyat jamiyatning ishtirokchilariga ular tomonidan kiritilgan qo'shimcha pul hissalarini o'n kun muddat ichida qaytarishi shart. Pul hissalari ushbu modda oltinchi qismining uchinchi xatboshisida, shuningdek sakkizinchi qismida ko'rsatilgan muddatda o'z vaqtida qaytarilmagan taqdirda, jamiyat qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda foizlar to'lashi shart. Pulsiz hissalar qo'shgan jamiyat ishtirokchilariga jamiyat ushbu modda oltinchi qismining uchinchi xatboshisida, shuningdek sakkizinchi qismida ko'rsatilgan hollarda uch oylik muddatda ularning hissalarini qo'shilgan shaklida yoki ularning roziligi bilan pul shaklida qaytarishi, hissalar ko'rsatilgan muddatda qaytarilmagan taqdirda esa, hissa sifatida kiritilgan mol-mulkdan foydalana olinmaganligi oqibatida boy berilgan foydaning o'rnini ham qoplashi shart.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.