«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun

15-modda. Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) tarkibi

Jamiyat ustav fondi (ustav kapitali) jamiyatning ustavida belgilanadi va uning ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatidan iborat bo'ladi. Jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo'shiladigan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o'n ming baravaridan ko'p bo'lgan naqd pulsiz hissalar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi va u baholangan qiymatdan yuqori bo'lishi mumkin emas. Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin. Jamiyat ishtirokchisining jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi miqdori foizlarda yoki kasr tarzida belgilanadi. Jamiyat ishtirokchisi ulushining miqdori uning ulushi nominal qiymati bilan jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) nisbatiga teng bo'lishi kerak. Jamiyat ishtirokchisi ulushining haqiqiy qiymati jamiyat sof aktivlari qiymatining uning ulushi miqdoriga mutanosib bo'lgan bir qismiga mos bo'ladi. Jamiyatning ustavi bilan jamiyat ishtirokchisi ulushining eng yuqori miqdori, shuningdek jamiyat ishtirokchilari ulushlarining nisbatini o'zgartirish imkoniyati cheklanishi mumkin. Bunday cheklovlar jamiyatning ayrim ishtirokchilariga nisbatan belgilanishi mumkin emas. Ko'rsatib o'tilgan qoidalar jamiyat ta'sis etilayotganda uning ustavida nazarda tutilishi, shuningdek jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadigan qaroriga binoan jamiyatning ustaviga kiritilishi, o'zgartirilishi va undan chiqarib tashlanishi mumkin. Jamiyat faqat kredit tashkiloti sifatida davlat ro'yxatidan o'tkaziladigan paytga qadar uning har bir ishtirokchisi ta'sis hujjatlarida ko'rsatilgan jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o'z hissasining kamida o'ttiz foizini kiritishi shart. Jamiyatning har bir ishtirokchisi ta'sis hujjatlarida belgilangan va jamiyat davlat ro'yxatidan o'tkazilgan paytdan e'tiboran bir yildan oshmaydigan muddat ichida jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) o'z hissasini to'liq kiritishi kerak. Agar jamiyatning ta'sis hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, jamiyatning o'z hissasini qo'shmagan ishtirokchilari, agar ushbu harakatlar jamiyatning faoliyat ko'rsatishiga imkon bermayotgan bo'lsa yoki uni jiddiy tarzda qiyinlashtirishga olib kelsa, jamiyat ishtirokchilari umumiy yig'ilishining qaroriga binoan, jamiyat ijro etuvchi organining arizasiga asosan sud tartibida ishtirokchilar safidan chiqarilishi mumkin. Jamiyatning ishtirokchisi tomonidan hissaning to'liq kiritilganligi jamiyat ishtirokchisiga beriladigan guvohnoma bilan tasdiqlanadi. Jamiyatning ixtiyoriga ko'ra yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) hisobi shartnoma asosida «Qimmatli qog'ozlar markaziy depozitariysi» aktsiyadorlik jamiyati tomonidan yuritilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.