Davlat organlari va tashkilotlarida korruptsiya holatlariga hamda korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish sohasidagi huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo'lgan lavozim, xizmat va (yoki) bo'linmadan iborat komplayens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari:
davlat organi va tashkiloti tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha ichki siyosat amalga oshirilishi hamda ushbu sohadagi faoliyat muvofiqlashtirilishida bevosita ishtirok etadi;
davlat organi va tashkiloti faoliyatida korruptsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar hamda nazorat tizimi joriy etilishini ta'minlaydi;
davlat organi va tashkiloti tizimida qonunga rioya etish, unga nisbatan hurmat ruhini mustahkamlash, korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabat muhitini yaratish va bu borada aholining ijobiy fikrini shakllantirish choralarini ko'radi;
davlat organi va tashkiloti tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish vazifasini amalga oshiruvchi, byudjet mablag'lari aylanmasini nazorat qiluvchi bo'linmalarning hamda shaxsiy xavfsizlik bo'linmalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
korruptsiyaga oid xavf-xatarlarni tizimli tahlil qilish va baholash, bartaraf etish va ularning oldini olish bo'yicha zarur choralarni ishlab chiqadi hamda ularning ijrosini tashkil etadi;
davlat organi va tashkiloti tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni takomillashtirib borish choralarini ko'radi;
davlat organi va tashkiloti faoliyatida shaffoflikni ta'minlash, affillanganlik hamda manfaatlar to'qnashuvi holatlarining oldini olishga qaratilgan korruptsiyaga qarshi nazorat tizimini amalga oshiradi;
davlat organi va tashkilotida korruptsiya holatlari hamda ularning oldini olish yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar o'tkazilishini hamda qat'iy javobgarlik choralari ko'rilishini tashkil etadi;
korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari o'z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
davlat organi va tashkiloti tizimidagi o'z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo'lgan axborot hamda ma'lumotlar bazalaridan foydalanish;
davlat organi va tashkilotida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko'rish;
davlat organi va tashkiloti tizimida korruptsiyaga qarshi choralarni hamda nazorat tadbirlarini mustaqil yoki ishchi guruh tuzgan holda tashkil etish;
korruptsiyaga qarshi kurashish borasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv va tergov organlari bilan hamkorlik qilish, ularni belgilangan tartibda jalb etish choralarini ko'rish;
korruptsiyaviy omillarni aniqlash, ularning oldini olish va korruptsiya holatlariga chek qo'yish maqsadida shaxslarning xatti-harakatlarini, hodisalarni hamda jarayonlarni bevosita yoki bilvosita kuzatish va qayd etish;
o'z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, fuqarolardan ma'lumotlarni hamda boshqa zarur hujjatlarni va materiallarni so'rash va olish;
vakolatini amalga oshirish doirasida zarurat tug'ilganda tegishli hujjat va materiallar bilan tanishish maqsadida davlat organi va tashkilotining ob'yektlariga to'sqinliksiz kirish;
davlat organi va tashkiloti tizimida aniqlangan korruptsiya holatlari bo'yicha yuqori turuvchi komplayens xizmatlarini to'g'ridan-to'g'ri mustaqil ravishda xabardor qilish;
davlat organi va tashkiloti tizimida korruptsiya holatlarini aniqlash hamda ularga chek qo'yish maqsadida muayyan shaxslar bilan belgilangan tartibda nooshkora hamkorlik o'rnatish;
davlat organi va tashkiloti tizimida aniqlangan korruptsiyaga oid huquqbuzarlik faktlari bo'yicha to'plangan materiallarni qonuniy chora ko'rish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki bevosita ularning komplayens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalariga taqdim etish;
davlat organi va tashkiloti tizimida qonun buzilishi hollarining oldini olish bo'yicha ko'rib chiqilishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar va ushbu hollarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritish.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega bo'ladi.
Davlat organi va tashkiloti birinchi rahbarlarining korruptsiyaga oid huquqbuzarliklari alomatlari aniqlanganda yoki jinoiy guruh faoliyatiga rahnamolik qilayotgan deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud bo'lganda ularning komplayens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat bo'yicha o'rinbosari yuqori turuvchi komplayens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati bilan kelishgan holda tegishli hujjatlar va ma'lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga to'g'ridan-to'g'ri taqdim etish, shuningdek kadrlar masalasi va moliyaviy xarajatlar bo'yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish huquqini vaqtincha to'xtatish yoki tegishli rahbarni yoxud xodimni vazifasini bajarishdan vaqtincha chetlatish borasida taklif kiritish vakolatiga ega bo'ladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati muvofiqlashtirib boradi.
lex.uz’dagi asl matn«Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida»gi qonun
8³-modda. Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari
(8² ва 8³-моддалар Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 22 июндаги ЎРҚ-1155-сонли Қонунига асосан киритилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.06.2026 й., 03/26/1155/0616-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.