Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma'qullanib, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy manbalarda e'lon qilingach, yuridik kuchga ega bo'ladi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e'tiboran o'n kundan kechiktirmay O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi.
Qonun O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan oltmish kun ichida ko'rib chiqiladi va ma'qullangan taqdirda, imzolanishi va e'lon qilinishi uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga o'n kundan kechiktirmay yuboriladi.
Agar O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qonunni ma'qullash yoki rad etish to'g'risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e'lon qilinishi uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oltmish kun ichida imzolaydi va e'lon qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi.
Agar O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko'rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko'pchilik ovozi bilan qonunni yana ma'qullasa, qonun O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e'lon qilinishi uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko'rib chiqilishi kerak.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o'z e'tirozlari bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko'pchilik ovozi bilan ma'qullansa, qonun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o'n to'rt kun ichida imzolanishi va e'lon qilinishi kerak.
Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning e'lon qilinishi ular qo'llanilishining majburiy shartidir.
lex.uz’dagi asl matnO'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
99-modda. XVIII bob. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.