Jinoyat-protsessual kodeksi

88-modda. Isbot qilish jarayonida fuqarolar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquq va qonuniy manfaatlarini qo'riqlash

(88-модданинг бешинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 21 ноябрдаги ЎРҚ-1003-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.11.2024 й., 03/24/1003/0943-сон)

Dalillarni to'plash, tekshirish va baholash jarayonida fuqarolarning, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qo'riqlash ta'minlanishi kerak. Isbot qilishda quyidagilar taqiqlanadi: 1) shaxslarning hayoti va sog'lig'i uchun xavfli bo'lgan yoki ularning sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlar sodir etish; 2) zo'rlik, po'pisa qilish, aldash va qonunga xilof boshqa yo'llar bilan ko'rsatuv, tushuntirish, xulosalar olishga, eksperimental harakatlarni bajarishga, hujjatlar yoki buyumlar tayyorlanishiga va berilishiga erishish; 3) tungi vaqtda, ya'ni kech soat 22-00 dan ertalab soat 6-00 gacha tergov harakatlari olib borish. Tayyorlanayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyatning oldini olish, jinoyat izi yo'qolishiga yoki gumon qilinuvchining qochib ketishiga yo'l qo'ymaslik, eksperiment jarayonida tekshirilayotgan hodisaning holatini qaytadan tiklash zarurati bo'lgan hollar bundan mustasno. 4) shaxsni g'ayriqonuniy harakatlar sodir etishga undash va bunday undash oqibatida sodir etilgan jinoyat uchun uni ayblash; 5) shaxsni jinoyat ishiga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo'lgan taqdirda, uni guvoh tariqasida so'roq qilish, bundan ekspertiza yoki taftish o'tkazish talab etiladigan hollar mustasno; 6) shaxsga uning protsessual huquqlari tushuntirilguniga qadar undan biron-bir yozma yoki og'zaki ko'rsatuvlar olish; 7) ushlangan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo'lmagan taqdirda, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va so'roq qilish; 8) mazmunan ko'rib chiqish uchun sudga yuborilgan jinoyat ishi doirasida protsess ishtirokchilarini surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va (yoki) so'roq qilish, bundan ular bilan bog'liq bo'lgan alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yoki sudning yozma topshirig'i mavjud bo'lgan hollar mustasno. Tergov yoki sud harakatlari bilan bog'liq ishlarni bajarayotganda, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va ishda mutaxassis yoki ekspert sifatida ishtirok etayotgan shifokorlardan boshqa shaxslarning o'zga jinsdagi shaxsni yalang'och qilib yechintirish chog'ida hozir bo'lishlari taqiqlanadi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya tergov va sud muhokamasi jarayonida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va boshqalarning shaxsiy hayotiga doir aniqlangan ma'lumotlarni oshkor qilmaslik chora-tadbirlarini ko'rishi shart. Buning uchun shunday ma'lumotlar aniqlanishi mumkin bo'lgan tergov yoki sud harakatlari olib borilayotganda ishtirok etadigan shaxslar doirasi cheklanadi, ishtirokchilar esa ularni oshkor qilganlik uchun javobgarlik to'g'risida ogohlantiriladi. Tergov yoki sud harakatlari jarayonida olib qo'yiladigan narsalar, hujjatlar va elektron ma'lumotlar tegishli bayonnomalarda aniq ko'rsatilishi kerak, bunda narsaning yoki hujjatning yoxud elektron ma'lumotlarning egasiga bayonnoma nusxasi yoki uning ko'chirmasi topshirilib, tilxat olinadi. Ishga aloqasi bo'lmagan narsalar, hujjatlar va elektron ma'lumotlar qonuniy egasiga darhol qaytarilishi kerak. Bunda, agar ishga taalluqli bo'lmagan dalillar tergov organining va (yoki) sudning tasarrufida qolgan bo'lsa, ular qayta tiklanmaydigan tarzda yo'q qilinishi lozim. Fuqarolar saqlashi taqiqlangan narsalar, hujjatlar va elektron ma'lumotlar yo'q qilinishi yoxud ularni saqlashga xamda tasarruf etishga vakolatli bo'lgan muassasalarga yoki tashkilotlarga berilishi lozim.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.