Jinoyat-protsessual kodeksi

616-modda. Qabul qilib olingan shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni ijro etishni yoki tibbiy yo'sindagi majburlov chorasini qo'llashni tashkil etish

Xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish to'g'risidagi sud ajrimi chiqarilganidan keyin O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, zarur bo'lgan taqdirda esa O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligiga shaxsni xorijiy davlat hududida jazoni ijro etish muassasasidan yoki psixiatriya muassasasidan berish va qabul qilib olish joyini, vaqtini, tartibini va tashkil etilishini kelishish to'g'risida topshiriq beradi. Ushbu Kodeksning 611-moddasida ko'rsatilgan shaxslarga nisbatan jazoni ijro etish yoki majburiy davolash O'zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu Kodeksning 611-moddasida ko'rsatilgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoning o'talmay qolgan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish, afv etish, amnistiya aktini qo'llash, shuningdek tibbiy yo'sindagi majburlov chorasini qo'llashni bekor qilish yoki o'zgartirish O'zbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xorijiy davlatning vakolatli organini jazoni ijro etish yoki majburiy davolash holati va natijasi to'g'risida quyidagi hollarda xabardor qiladi: 1) jazoni ijro etish yoki majburiy davolash O'zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq yakunlanganida; 2) ushbu Kodeksning 611-moddasida ko'rsatilgan shaxslar vafot etganida yoki qochib ketganida.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.