Jinoyat-protsessual kodeksi

601-modda. O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lgan shaxsni ushlab berish to'g'risidagi so'rovni ijro etish

O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukmni ijro etish uchun ushlab berish to'g'risidagi so'rov O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki o'zarolik printsipi asosida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ko'rib chiqiladi. O'zarolik printsipi O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lgan shaxsni ushlab berish to'g'risidagi so'rovni yuborgan xorijiy davlat vakolatli organining shunga o'xshash vaziyatda O'zbekiston Respublikasi vakolatli organining so'roviga binoan shaxsni ushlab berish amalga oshirilishi haqidagi yozma va'dasi bilan tasdiqlanadi. O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lgan shaxsni ushlab berish quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin: agar shaxs jinoiy javobgarlikka tortish uchun ushlab berilayotganida sodir etilgan qilmish uchun O'zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi bir yildan kam bo'lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni yoki og'irroq jazoni nazarda tutsa; agar o'ziga nisbatan ushlab berish to'g'risida so'rov yuborilgan shaxs olti oydan kam bo'lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoga yoki og'irroq jazoga hukm qilingan bo'lsa; so'rovni yuborgan xorijiy davlat o'ziga nisbatan so'rov yuborilgan shaxsning faqat so'rovda ko'rsatilgan jinoyati uchun jinoiy javobgarlikka tortilishini hamda sud muhokamasi tugaganidan va jazoni o'taganidan keyin mazkur davlat hududini erkin tark eta olishini, shuningdek O'zbekiston Respublikasining roziligisiz uchinchi davlatga chiqarib yuborilmasligini, topshirilmasligini yoxud ushlab berilmasligini, xuddi shuningdek qiynoqlarga, zo'ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi muomalaga duchor etilmasligini va unga nisbatan o'lim jazosi qo'llanilmasligini kafolatlasa. O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lgan shaxsni ushlab berish to'g'risidagi qaror O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o'rinbosari tomonidan qabul qilinadi. Ayni bir shaxsni ushlab berish to'g'risida bir necha davlatning so'rovi mavjud bo'lganda, shaxsni qaysi davlatga ushlab berish kerakligi to'g'risidagi qarorni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori qabul qiladi. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qabul qilingan qaror to'g'risida o'ziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxsni yigirma to'rt soat ichida yozma ravishda xabardor qiladi va unga mazkur qaror ustidan ushbu Kodeksning 602-moddasiga muvofiq shikoyat qilish huquqini tushuntiradi. O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lgan shaxsni ushlab berish to'g'risidagi qaror o'ziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxs yozma ravishda xabardor etilgan paytdan e'tiboran o'n sutka o'tishi bilan kuchga kiradi. Qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilingan taqdirda, shaxsni ushlab berish sudning ajrimi qonuniy kuchga kirguniga qadar amalga oshirilmaydi. O'zbekiston Respublikasi hududida bo'lgan shaxsni ushlab berish to'g'risidagi qaror ustidan shikoyat qilish muddati o'tgach yoki sudning ajrimi qonuniy kuchga kirganidan keyin O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qabul qilingan qarorni, sudning ajrimini ijro etish uchun O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.