Jinoyat-protsessual kodeksi

590-modda. Sud majlisi

(590-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 12 январдаги ЎРҚ-664-сонли Қонуни таҳририда — Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 13.01.2021 й., 03/21/664/0014-сон)

Prokurorning amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo'zg'atishni rad qilish haqidagi yoki jinoyat ishini tugatish to'g'risidagi iltimosnomasi jinoyat sodir qilingan yoxud surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo'yicha tuman (shahar) sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan, mazkur sudlarning sudyasi bo'lmagan yoxud iltimosnomani ko'rib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud bo'lgan taqdirda esa Qoraqalpog'iston Respublikasi sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining raisi, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudining raisi belgilaydigan boshqa tegishli sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda ko'rib chiqiladi. Sud majlisi iltimosnoma jinoyat ishini qo'zg'atishni rad qilish to'g'risidagi tergovga qadar o'tkazilgan tekshiruv materiallari yoki jinoyat ishi bilan birga sudga kelib tushgan paytdan e'tiboran o'n sutkadan kechiktirmay o'tkaziladi. Iltimosnomani ko'rib chiqish sud tomonidan prokuror albatta ishtirok etgan holda amalga oshiriladi. Sud majlisida amnistiya aktini qo'llash haqidagi masala qaysi shaxsga nisbatan qo'yilayotgan bo'lsa, o'sha shaxs, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek agar ishda qatnashayotgan bo'lsa, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari ishtirok etadi. Sud majlisi o'tkaziladigan vaqt va joy haqida lozim darajada xabardor qilingan mazkur shaxslarning uzrsiz sabablarga ko'ra kelmaganligi sud majlisining o'tkazilishiga monelik qilmaydi. Qamoqqa olish yoki uy qamog'i tarzidagi ehtiyot chorasi qaysi gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan tanlangan bo'lsa, o'sha gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo'lgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining sud majlisida ishtirok etishi zarurligi masalasi sud tomonidan hal qilinadi. Sud majlisi prokurorning ma'ruzasi bilan boshlanadi, prokuror amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qo'zg'atishni rad qilish yoki jinoyat ishini tugatish zarurligini asoslab beradi. So'ngra amnistiya aktini qo'llash haqidagi masala qaysi shaxsga nisbatan qo'yilayotgan bo'lsa, o'sha shaxsning, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, himoyachining, qonuniy vakilning so'zlari eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Sud taraflarda jinoyat ishini tugatish yoxud jinoyat ishi qo'zg'atishni ushbu Kodeksning 83 va 84-moddalarida belgilangan boshqa asoslar bo'yicha rad qilish uchun asoslar bor-yo'qligini aniqlaydi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi. Sud majlisi vaqtida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga ko'ra bayonnoma yuritiladi. Sud muhokamasi natijalari bo'yicha sudya qonunda belgilangan tartibda ajrim chiqaradi, ushbu ajrimning gumon qilinuvchini yoki ayblanuvchini qamoqdan yoki uy qamog'idan ozod qilishga doir qismi darhol ijro etilishi lozim. Sudning ajrimi ijro etish uchun prokurorga, ma'lumot uchun esa amnistiya aktini qo'llash haqidagi masala qaysi shaxsga nisbatan qo'yilgan bo'lsa, o'sha shaxsga, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, jabrlanuvchiga (fuqaroviy da'vogarga), himoyachiga va qonuniy vakilga yuboriladi. Agar sud majlisi davomida amnistiya aktini qo'llash uchun asoslar mavjud emasligi aniqlansa, sud tergovga qadar o'tkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini umumiy qoidalar bo'yicha tegishincha tergovga qadar tekshiruv o'tkazish yoki surishtiruv yoxud dastlabki tergov ishini yuritish uchun prokurorga yuborish to'g'risida ajrim chiqaradi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.