Apellyatsiya instantsiyasi sudida jinoyat ishi birinchi instantsiya sudida ish yuritish qoidalari bo'yicha, ushbu bobda nazarda tutilgan qoidalar inobatga olingan holda ko'riladi.
Raislik qiluvchi sud majlisini ochadi hamda qanday jinoyat ishi va kimning apellyatsiya shikoyati, protesti bo'yicha ko'rilishini e'lon qiladi.
Raislik qiluvchi sud tarkibini e'lon qiladi, prokurorning, himoyachining, sud majlisi kotibining va, agar sud majlisida ishtirok etayotgan bo'lsa, tarjimonning familiyasi, ismini va otasining ismini ma'lum qiladi.
Apellyatsiya instantsiyasi sudi majlisining joyi, sanasi va vaqti to'g'risida o'z vaqtida xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi jinoyat ishini ko'rishga monelik qilmaydi, bundan sud majlisida ishtirok etishi shart bo'lgan shaxslar mustasno.
Raislik qiluvchi hozir bo'lgan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlarini tushuntiradi va ularda rad qilishga oid arzlar va iltimosnomalar bor-yo'qligini, apellyatsiya shikoyatida, protestida bayon etilgan iltimoslarni quvvatlashini yoki quvvatlamasligini aniqlaydi. Bunday iltimoslar mavjud bo'lganda sud ular bo'yicha ajrim chiqaradi.
Sud muhokamasi sudyalardan birining ma'ruzasi bilan boshlanadi. U birinchi instantsiya sudi hukmining yoki ajrimining mazmunini, apellyatsiya shikoyatining, protestining mazmunini va unga qarshi e'tirozlarning mohiyatini qisqacha bayon etadi.
Raislik qiluvchi apellyatsiya shikoyati bergan shaxsga, apellyatsiya shikoyati va protesti kimga nisbatan berilgan bo'lsa o'sha shaxsga, ularning himoyachilari va vakillariga, so'ngra esa prokurorga so'z beradi. Ish bo'yicha bir nechta shikoyat mavjud bo'lgan taqdirda, so'zga chiqish navbati sud tomonidan taraflarning fikri inobatga olingan holda belgilanadi. Agar berilgan apellyatsiya shikoyatlari orasida prokurorning apellyatsiya protesti bo'lsa, so'z birinchi navbatda unga beriladi.
Sud taraflarning so'zlarini eshitib, hukmning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini lozim darajada tekshirib ko'rishni ta'minlash zaruratidan kelib chiqib, bevosita sud majlisida tekshiriladigan dalillar hajmini aniqlash to'g'risida; sud majlisiga sudlanuvchini, jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlar va zarurat bo'lsa, boshqa shaxslarni chaqirish haqida; sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini saqlab qolish, tanlash, bekor qilish yoki o'zgartirish to'g'risida qaror qabul qiladi.
Shundan keyin sud sud majlisiga chaqirilgan sudlanuvchini, guvohlarni, jabrlanuvchilarni so'roq qilish yo'li bilan dalillarni tekshirishga, shuningdek taraflarning iltimosi bo'yicha hamda o'zining tashabbusi bilan hujjatlarni, bayonnomalarni va ishga oid boshqa materiallarni o'qib eshittirishga kirishadi. Dalillarni tekshirish tartibi taraflarning fikrlari inobatga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Taraflar apellyatsiya instantsiyasi sudiga apellyatsiya shikoyatida, protestida keltirilgan vajlarni tasdiqlab yoki inkor etib, qo'shimcha materiallar taqdim etishga haqli.
Birinchi instantsiya sudida so'roq qilingan guvohlar, agar sud buni zarur deb topsa, apellyatsiya instantsiyasi sudida so'roq qilinadilar.
Taraflarning dalillarni, shu jumladan birinchi instantsiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirish to'g'risidagi va sud majlisiga guvohlar, ekspertlarni hamda boshqa shaxslarni chaqirish to'g'risidagi iltimosnomalari ushbu Kodeks 438-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda sud tomonidan hal etiladi. Bunda sud iltimosnomani qanoatlantirishni faqat u birinchi instantsiya sudi tomonidan qanoatlantirilmaganligiga asoslanib rad etishga haqli emas.
Birinchi instantsiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar (yangi dalillar) sud tomonidan qabul qilinadi, bunda ularni tekshirish to'g'risida iltimosnoma bergan shaxs o'ziga bog'liq bo'lmagan sabablarga ko'ra bu dalillarni birinchi instantsiya sudiga taqdim etishga imkoniyati bo'lmaganligini asoslab berishi kerak.
Apellyatsiya instantsiyasi sudi dalillarni videokonferentsaloqa tizimlaridan foydalangan holda tekshirishga haqli.
Sud tergovi tugallangach, sud taraflardan sud tergoviga qo'shimcha qilish yuzasidan iltimoslari bor-yo'qligini surishtiradi. Sud bu iltimoslarni hal etadi va shundan keyin taraflarning muzokaralariga o'tadi.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat-protsessual kodeksi
497¹⁷-modda. Apellyatsiya instantsiyasi sudida jinoyat ishini ko'rish tartibi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.